Joriy yilning 18-mart kuni "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining "Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi" kafedrasi 1-bosqich talabalari uchun "Ixtisoslikka kirish" fani bo‘yicha amaliyot darslari tashkil etildi.

Mashg‘ulot avvalida talabalar umumzavod xavfsizlik yo‘riqnomalari bilan tanishtirildi. Shundan so‘ng, majmuaning malakali mutaxassislari tomonidan korxonaning tashkil etilishidan tortib bugungi kungacha bo‘lgan faoliyati, undagi qurilmalarning texnik tavsifi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ularning turlari haqida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, Atrof muhit muhofazasi xizmatining ekoanalitik laboratoriyasi hamda Oqova suvlarni tozalash sexida olib borilayotgan amaliy jarayonlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Bundan tashqari, talabalar majmua hududida "Obod va fayzli mahalla - yurt ko‘rki" shiori ostida o‘tkazilgan umumxalq xayriya hasharida ham ishtirok etdilar.

Bu kabi amaliy darslar talabalarga nazariy bilimlarini amaliy jihatdan mustahkamlash, sohaga oid bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirishga xizmat qiladi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati