Har qanday ota-ona farzandlarini muvaffaqiyatli inson bo‘lishini istaydi, farzandlarimiz bizdan yaxshiroq va baxtliroq bo‘lishi kerak degan g‘oya insoniyat rivojlanishi uchun asosiy rag‘bat bo‘lgan bo‘lsa ne ajab.
Farzand – oilaning quvonchi, ota-onaning tayanchi, jamiyatning hayotbaxsh kuchi. Buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy bolani «mehri anbar» - uyni yoritadigan va oilaga baxt-quvonch keltiradigan nur deb hisoblagan edi. Darhaqiqat, farzandning xar bir yutug‘i ota-onaning yuragini tog‘dek ko‘taradi, faxr va g‘urur tuyg‘ularini vujudga keltiradi.

“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Polietilen ishlab chiqarish sexi smena boshlig‘i Meyliyev G‘ofur Gulboyevech ham farzandi Gulboyeva Sabrinaning erishayotgan yutuqlari ortidan ana shunday faxr va g‘urur tuyg‘ularini his qilmoqda.
Sabrina 2022-yil Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot-texnologiyalari universitetining Qarshi filiali “Telekommunikatsiya texnologiyalari” yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindi.
Sabrina oilada olgan tarbiyasi va o‘zidagi qat’iyat natijasida telekommunikatsiya texnologiyalari sohasi bo‘yicha astoydil izlanishga kirishdi. Bu xatti-harakatlar ko‘p o‘tmay o‘z natijalarini ko‘rsata boshladi va 2023-yilda Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan "Yil talabasi" ko‘rik tanlovining universitet bosqichida “Yilning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng bilimdon talabasi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

Shuningdek, Sabrina Gulboyeva hozirga qadar 9 ta xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda o‘zining ilmiy maqolalari bilan ishtirok etib, xalqaro sertifikat va diplomlarni olishga erishgan.
Bundan tashqari, 2023-yilda “EMMX” Qashqadaryo viloyati elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari tomonidan iqtidorli talabalarni tanlab olish va ishga jalb qilish maqsadida o‘tkazilgan suhbat chog‘ida, universitetning ko‘plab talabalari orasidan  2 nafar nomzodni tanlab olishdi. O‘sha 2 ta omadli talabadan biri ham aynan Gulboyeva Sabrina G‘ofur qizi bo‘ldi.

Ota uchun farzand tarbiyasi uning kamoloti va har bir erishgan yutuqlarini ko‘rishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Shunday baxtli ota-onalarimiz ko‘payaversin, biz esa ularning yutuqlari bilan bo‘lishishda davom etaveraylik.
Sabrina Gulboyevaning kelgusi faoliyatiga ham ulkan zafarlar tilab qolamiz!

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati