O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 05.10.2020-yildagi “Raqamli O‘zbekiston-2030 strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” PF-6079-sonli farmoni hamda "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJning 26.01.2023-yildagi “Korxona resurslarini rejalashtirish 1С:ERP tizimini joriy qilish to‘g‘risida"gi № 053/23 i/ch-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash yuzasidan majmuada - korxona resurslaridan samarali foydalanish va boshqarish uchun “Enterprise Resource Planning (ERP)” tizimini joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Dastlab, majmuada loyiha oldi o‘rganish ishlari olib borildi. Natijalar majmuaning “Tovar, ish va xizmatlar ehtiyoji muhimligini tasdiqlovchi hamda ularning xarid bozori va turini belgilovchi ekspert komissiyasi”da ko‘rib chiqilib, marketing izlanishlar olib borilishi to‘g‘risida xulosa qabul qilindi.

Shundan so‘ng ijrochi kompaniya tomonidan ERP tizimini joriy etish bo‘yicha texnik topshiriq loyihasi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublika iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKdan loyixa bo‘yicha ekspertiza xulosasiga ko‘ra va markaz ko‘rsatmasiga ko‘ra Respublika “Kiberxavfsizlik markazi” DUKdan loyiha bo‘yicha ijobiy xulosa olindi.

Bugungi kunda loyiha ijrochilari bilan hamkorlikda loyihani ishga tushirish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek majmua ishchi-xodimlarini ushbu tizimda ishlash ko‘nikmalarini shakillantirish maqsadida muntazam ravishda vebinarlar, seminarlar va o‘quv mashg‘ulotlari tashkillashtirib kelinmoqda.

Butun jahonda ishlab chiqarish jarayonlari mukammallashib, biznes tobora tezlashib borayotgan bir vaqtda zamon bilan hamnafas bo‘lib, axborot almashinuvidagi tezlikka va raqobatga bardosh bera olmagan har qanday biznes subyektining umri qisqarishi va kuchli raqobatga dosh bera olmay qolishi bir kunmas bir kuni sodir bo‘ladigan jarayondir.
Shunday ekan, zamon bilan hamnafas yurish, axborot almashinuvi va rivojlanish shiddatiga dosh bera olish uchun bu kabi keng qamrovli elektron tizimlarni ishlab chiqarishga joriy etish o‘ta muhim va ayni vaqtda zarurdir!

Yirik ishlab chiqarishda resurslarni o‘z vaqtida aniqlash, ular bo‘yicha holatni real rejimda to‘g‘ri baholay olish va ombor yoki sex emas hatto "uskunalar darajasida" yuvelir aniqlikda rejalarni belgilash albatta ishlab chiqarishda samaradorlikni oshirib, shu vaqtgacha aniqlash imkoni bo‘lmagan kamchiliklarni bartaraf etishda katta rol o‘ynaydi.

Bunday hollarda boshqaruv samaradorligini oshirish, resurslarni optimallash va to‘g‘ri taqsimlash, ishlab chiqarish tezligini oshirish juda qiyin vazifa hisoblanadi. ERP tizimi korxona yoki kompaniya ichida yagona, yaxlit ma’lumotlar bazasini shakllantiradi va yuqorida keltirilgan muammolarni yechish, ish jarayoni optimallash, samaradorlikni aniqlash va uni yaxshilash uchun xizmat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida “Korxona resurslarini boshqarish (ERP) tizimi”ni joriy etish natijasida:

  • Korxona moliyaviy-iqtisodiy faoliyatini samarali rejalashtirish tashkil etiladi;
  • Turli xizmatlar tomonidan ma’lumotlarning takrorlanishini bartaraf etish va majmua bo‘limlari o‘rtasida to‘siqsiz ma’lumotlar almashinuvini tashkil etish orqali ish vaqti yo‘qotilishining miqdoriy jihati kamaytiriladi;
  • Shtrix kodlash texnologiyasi yordamida omborlarda xizmat ko‘rsatish jarayonlari avtomatlashtiriladi;
  • Moddiy va tovar boyliklari omborlarini boshqarish optimallashtiriladi, majmuani moddiy va tovar boyliklari bilan o‘z vaqtida va uzluksiz ta’minlash uchun sharoit yaratiladi, ularni tayyorlash va logistika uchun ish vaqtining yo‘qotilishi kamaytiriladi;
  • Shtrix kodning asosiy afzalligi shundaki, u elektron qurilmalar tomonidan osongina “o‘qiladi”. Shtrix kodni “o‘qigan” qurilma ro‘yxatga olish va qayta ishlash uchun ma’lumotlarni omborning “1C” axborot tizimiga o‘tkazadi. Bu ma’lumotlarni kiritish xatoliklarini bartaraf etishga imkon beradi;
  • Elektron hujjat aylanish tizimida tashqi chiquvchi xatlarga QR-kod tizimi joriy etiladi. Kodlangan ma’lumotni asl holida tezkor ochilishi ta’minlanadi;
  • QR-kod tizimida foydalanishda smartfon yoki maxsus ilova o‘rnatilgan boshqa mobil moslama bo‘lishi kifoya. Asosiy ustunligi bu ma’lumot bilan ishlashning yuqori tezligidir;
  • Yo‘l varaqasini qayta ishlashda transport vositasini va haydovchilarni reys vaqtida ishlab chiqarish parametrlarini, shuningdek yoqilg‘ining me’yoriy va haqiqiy sarfini hisoblab chiqaradi;
  • Uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashning haqiqiy budjeti shakllantiriladi;
  • Ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatishni rejalashtirish, ish buyurtmalarini shakllantirish jarayonlari avtomatlashtiriladi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati