"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJning bir guruh mutaxassislari tomonidan  navbatdagi ratsionalizatorlik taklifi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Ma’lumki, Etilen ishlab chiqarish sexi ehtiyoji uchun gazlarni fraksiyalarga ajratish (URG) qurilmasida ajratib olinayotgan propan mahsulotidan sovituvchi (xladagent) sifatida foydalanish maqsadida propan mahsuloti vagon-sisternalarga olib quyiladi va ehtiyojga qarab propan yordamida sovuqlik olish tizimida (1500-zona) ishlatiladi.
Propan bilan sovuqlik olish tizimida bosim va haroratni o‘zgartirish natijasida pog‘onali sovitish (+13˚S, -2˚S, -23˚S, -37˚S) amalga oshiriladi.
Majmuaning ta’mirlash ishlari jarayonida GT/GB-1501 propan yordamida sovitish kompressori ishdan to‘xtatilganda va propan sovitish tizimida ta’mirlash ishlari (mahsulotni bo‘shatib quvur yoki idishlar zichligiga ta’sir qilish, azot yordamida namlikni olish, issiqlik almashinish apparatlarini ta’mirlash va hkz.) olib borilgan vaqtda propan sovuqlik tizimini, propan xladagentidan bo‘shatishga to‘g‘ri keladi va ta’mirlash ishlaridan keyin GT/GB-1501 propan kompressorini ishga tushirish uchun propan tizimini qaytadan avval vagon sisternalarga yuklab qo‘yilgan toza propan bilan kerakli darajada to‘ldirishga to‘g‘ri keladi

Shu vaqtga qadar suyuq propan yuklangan vagon sisternalarga azot yordamida bosim olinib propan sovitish tizimiga haydab kelinar va propan sovitish tizimga azot o‘tib ketish xavfi yuzaga kelar edi. Sovitish tizimiga o‘tgan azotning salbiy ta’siri majmua ta’mirlash ishlaridan keyin to‘la quvvatda ishga tushgandan so‘ng bilinar va sovuqlik olish jarayonida muammolar keltirib chiqarib majmuaning to‘liq quvvatda ishlashiga to‘sqinlik qilar va mahsulotlar ishlab chiqarish rejalarini bajara olmaslik hamda propanni ortiqcha sarf bo‘lishi havfini olib kelardi. 

Ayrim hollarda propan sovitish tizimiga o‘tgan azot YEA-1313X (Cold Box) plastinkali issiqlik almashinish apparatining traktlariga tiqilganda majmuani qaytadan to‘xtatib, propan sovitish tizimidagi Cold Box traktlaridan azotni haydashga (produvka) to‘g‘ri kelardi. 
Shu sababli bu muammolarni bartaraf etish maqsadida korxonamiz mutaxassislari tomonidan izlanish olib borilib ratsionalizatorlik taklifi berildi. Texnika guruhi tomonidan ratsionalizatorlik arizasi 18.04.2022y kuni №192 qayd raqami bilan ro‘yxatga olinib, o‘rganish ishlari olib borildi. 
Ratsionalizatorlik taklifiga ko‘ra Etilen ishlab chiqarish sexi propan yordamida sovitish tizimiga azot o‘tib ketishini oldini olish maqsadida Tayyor mahsulotlar va xom ashyo sexidagi propan yuklangan vagon – sisterna va konteynerlarga, korken kompressori yordamida kam miqdorda yuklangan gaz holatidagi propan olinib kompressor tizimiga yuklanayotgan idishga haydab bosimi ko‘tarib turiladi. Natijada GT/GB-1501 propan kompressori tizimiga azot o‘tib ketish oldi olinadi

Ratsionalizatorlik taklifiga asosan loyiha va montaj ishlari yakunlangandan so‘ng amalda sinab ko‘rish maqsadida Bosh direktorning birinchi o‘rinbosari Sh. Eshmurodov, Ishlab chiqarish dispetcherlik xizmati boshlig‘i D.Xoliyarov, Texnika guruhi rahbari R.Madiyev, Tayyor mahsulotlar va xom ashyo sexi (TM va XA) boshlig‘i I.Qodirov, Texnologiya guruhi yetakchi muxandis-texnologi A.Abduraxmanov, TM va XA sexi yetakchi texnologi O.Buranov, TM va XA sexi estakada mexanigi V.Ivlevlar ishtirokida 14.03.2023-yil kuni TM va XA sexidagi №1 estakadaning 2-stansiyasida suyultirilgan gaz mahsuloti yuklangan №58212580 vagon-sisternani gaz fazasidan “Korken” kompressori yordamida 1-stansiyasiga qo‘yilgan №50881721 vagon-sisternaga bosim olinib tekshirib ko‘rildi. 
Tekshiruv natijasiga ko‘ra, “Korken” kompressori yordamida bosim olish uchun 1-stansiyaga qo‘yilgan №50881721 vagon-sisternani bosimi R=6,0kgs/sm2 dan R=8,5kgs/sm2 gacha ko‘tarilganligi aniqlandi. “Korken” kompressori yordamida bosim olish uchun, soat 12:10 dan 12:58 gacha vaqt mobaynida 1-stansiyaga qo‘yilgan №50881721 vagon-sisternadagi bosim ko‘tarilishi R=2,5kgs/sm2 ni tashkil etdi.

Bundan ko‘rinib turibdiki ratsionalizatorlik taklifi amalda muvaffaqiyatli amalga oshirildi va uzoq yillar davomida qiynab kelayotgan yana bir muammo korxonamiz mutaxassislari tomonidan bartaraf etildi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati