Yangi O‘zbekistonning muhim strategik islohotlaridan biri chet el texnologiyasi asosida mahalliy mahsulotlar soni va sifatini oshirish hisoblanadi. Shuningdek xalqaro ko‘rgazmalarning tashkil etilishi va mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatini yoritish ham muhim ahamiyatga ega. 
Jumladan 2023 yilning 21-23 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan Samarqand viloyatining Jomboy tumanida joylashgan “SOF EXPO Samarkand” majmuasida “AGROPRO EXPO 2023” xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ko‘rgazmada agrotexnologiya, qishloq xo‘jaligi texnikasi, sug‘orish tizimlarini jihozlash, urug‘lar, ko‘chatlar, agrokimyoviy moddalar va agrosanoat majmuasidagi laboratoriyalar, issiqxonalar, saqlash va logistika xizmatlari, chorvachilik va parrandachilik, standartlashtirish va sertifikatlash kabi yo‘nalishlar namoyish qilindi.
Bugungi kunda suv tanqisligini hisobga olgan holda, yirik ekin maydonlari va tomorqalarni tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimi yordamida sug‘orishni keng miqyosda tatbiq etish ishlari olib borilmoqda. Respublikaning iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda mo‘tadil iqlimni yaratish, “Yashil makon” umummilliy dasturi asosida yashil hududni kengaytirish ishlari jadal rivojlanmoqda.

Bu borada “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda Mahalliylashtirish dasturi asosida tomchilab sug‘orish tizimining polimer asosidagi ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish bo‘yicha tasdiqlangan reja asosida ishlar olib borilmoqda.
Bir guruh mutaxassislar majmua tomonidan ishlab chiqarilayotgan tomchilab sug‘orish tizimi polimer qismlarini mahalliy tadbirkorlarga ma’lumot sifatida yoritish va tarqatma materiallarni tarqatish orqali reklama qilish, ko‘rgazma doirasida xorijiy va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimi mahsulotlari bilan yaqindan tanishish, yangi innovatsion texnologiya ishlanmalarini o‘zlashtirish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish va kelajakda tatbiq etish maqsadida “AGROPRO EXPO 2023” xalqaro ko‘rgazmasida qatnashishdi.

Ushbu ko‘rgazma davomida majmua mutaxassislari kelgusi yillarda majmuada ishlab chiqarish loyihasiga kiritilishi rejalashtirilayotgan “yomg‘irlatib sug‘orish tizimi” bo‘yicha bir qator kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Bundan tashqari, 2023-yilning 26-fevral – 1-mart kunlari “O‘zbekneftegaz” AJ  Boshqaruv raisi bayoni ijrosi yuzasidan “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJning bir guruh mutaxassislari Andijon shahrida joylashgan “SDK Group And” QK MCHJ, “SPZ-Bearing” QK, “Uzauto motors” AJ korxonalariga tashrif buyurishdi va ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishishdi.

Tashrif davomida majmua mutaxassislari majmua ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan importni o‘rnini bosuvchi sifatli va hamyonbop mahsulot namunalarini ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirishdi va kelgusida majmua talabidan kelib chiqqan holda yangi turdagi polimer mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirildi. Hozirgi vaqtda “Uzauto Motors” AJ tomonidan import polimer mahsulotlar ro‘yxati shakllantirilmoqda.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati