2023 yil 24 avgust kuni “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari – O.Temirov ishtirokida"Shurtan GKM" MCHJning o‘tgan 8 oylik faoliyati natijalari, ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlarining bajarilishi holati, soha obyektlarini kuzgi-qishki mavsumga tayyorlash, oktyabr oyida amalga oshiriladigan rejali ta’mirlash ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda ishlab chiqarish jarayonlari barqarorligini doimiy ta’minlash borasidagi masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda joriy yil oktyabr oyida rejalashtirilgan majmuaning to‘liq to‘xtatib ta’mirlash ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ta’minot holati, mutaxassislarning ta’mirlash ishlariga shayligi, shuningdek, ishlab chiqarish sexlarida amalga oshiriladigan asosiy ta’mirlash ishlari, jumladan, PA-6101A/B markaziy qozonxona qurilmasini boshqaruv tizimi va HIMA blokirovka tizimlarining modernizatsiya ishlari hamda ehtiyot qismlar bilan ta’minlanganlik holati bo‘yicha ishlar muhokama etildi.
Ta’mirlash ishlariga tayyorgarlik ko‘rish doirasida, xarid qilinishi mo‘ljallangan jami 137 ta pozitsiya bo‘yicha 80 foiz ishlar yakunlanganligi, ta’mirlash jarayonlariga majmua mutaxassislarining to‘liq shay ekanligi va boshqa tashkilotlardan ham mutaxassislar jalb etish ishlari olib borilayotganligi hamda modernizatsiya ishlari doirasida amalga oshiriladigan ish rejalari bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Gaz-kimyo yo‘nalishida kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar – Diyen uglevodorodlardan qo‘shimcha suyuq uglevodorodlar ishlab chiqarish (gidrirlash) loyihasi va qayta ishlash orqali benzoldan majmua ehtiyoji uchun siklogeksan ishlab chiqarish, qo‘shimcha ravishda malein angidrid hamda polistirol ishlab chiqarish loyihalari bo‘yicha ma’lumot berildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari O.Temirov taklif etilayotgan har bir loyihaga alohida to‘xtalib, ularni amalga oshirish mexanizmlari va risklar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Yig‘ilish davomida kelgysida amalga oshiriladigan ishlar kengaytirilgan tartibda muhokama etilib, Boshqaruv raisi o‘rinbosari tomonidan barcha mas’ullarga berilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash borasida quyidagicha topshiriq va ko‘rsatmalar berildi:
Majmuada oktyabr oyida rejalashtirilgan ta’mirlash ishlarini qisqa muddatda o‘tkazish, ishlarni qat’iy grafik asosida tashkillashtirish, xususan HIMA blokirovka tizimini modernizatsiya qilish ishlari uzoq vaqt talab etishini inobatga olgan holda barcha tashkiliy ishlarni amalga oshirilishi;
Markaziy qozonxona qurilmasini boshqaruv tizimini modernizatsiya qilish ishlarini navbat bilan har bir bug‘ qozoni uchun alohida o‘tkazish va boshqaruv tizimi modernizatsiya kilingandan so‘ng to‘liq test qilish, barcha test natijalari ijobiy bo‘lgandan so‘ng ikkinchi bug‘ qozonida ishlarni tashkillashtirish;
Majmuada amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar – yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, jumladan, majmua ehtiyoji uchun sarflanadigan kimyoviy reagentlarni mahalliylashtirish loyihalari bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish va tasdiqlatish;
Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalarni birlamchi marketing izlanishlarini o‘tkazish, litsenziarlar bilan birlamchi muzokaralar o‘tkazish ishlari “Uzbekistan GTL” zavodi tomonidan rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalarning marketing izlanishlari bilan birgalikda “Uzbekistan GTL” zavodi tomonidan amalga oshirish.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|