"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda obyekt fuqaro muhofazasi tuzilmalarining tayyorgarlik holatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Amaliy mashg‘ulotlar davomida majmua hududida shartli ravishda qo‘poruvchilik harakati, yong‘in va zilzila yuzaga keltirildi.
Mashg‘ulotlarda dastlab korxona fuqaro muhofazasi tarkibi “Yig‘in” signaliga asosan yig‘ilishi hamda tuzilmalar bilan kuch va vositalar saf ko‘rigi o‘tkazildi.

O‘quv mashg‘ulotlarini kuzatish uchun kelgan mehmonlarga o‘tkaziladigan ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlarining maqsad va g‘oyasi haqida taqdimot ko‘rinishida ma’lumotlar berildi.

Shundan so‘ng, shartli ravishda majmua ishchi-xizmatchilari kiyimlarini kiyib olib, noqonuniy qurollangan, yot g‘oyalar asosida birlashgan guruh a’zolarini majmuaga hujum uyushtirgan vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan keskin vaziyatni to‘g‘ri baholash, uni hamkorlikda bartaraf etish va tezkor tadbirlar olib borish bo‘yicha qaror qabul qilish, bo‘ysunuvchi kuch ishlatar bo‘linmalarga vazifalar qo‘yish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Maxsus-taktik mashg‘ulotlarning ikkinchi qismida noqonuniy ravishda majmua hududiga kirishga uringan qurollangan guruh a’zolarini zararsizlantirish maqsadida majmuada tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, o‘quv mashg‘ulotlari shartiga ko‘ra majmua avtoturargohi, temir yo‘l transporti bilan ta’minlash xizmati hududida “Tozalash-antiterror” tadbirlari olib borildi.

Maxsus-taktik mashg‘ulotlarning uchinchi qismida kuchishlatar tuzilmalar majmua mexanik ta’mirlash sexiga qarashli binoni kuch bilan egallagan shartli noqonuniy qurollangan guruhni qo‘lga olish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha ko‘rgazmali maxsus taktik mashg‘ulotini o‘tkazishdi.

Mashg‘ulot davomida majmuada texnogen tusdagi favqulodda vaziyat sodir bo‘lganda qidiruv-qutqaruv, yong‘inni o‘chirish va yaradorlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatish kabi tadbirlar mutaxassislar tomonidan amalda namoyish etildi.

Maxsus-taktik mashg‘ulotlarning so‘ngi qismida fuqaro muhofazasi tuzilmalarining va majmua ishchi-xizmatchilarining tabiiy tusdagi favqulodda vaziyat, xususan zilzila yuzaga kelganda harakat qilish va oqibatlarini bartaraf etish ishlarini tashkil qilishga tayyorligi holati tekshirildi.

O‘quv mashg‘ulotlari borishi jarayonida maxsus bo‘linma, viloyat FVB, tibbiyot xodimlari va Shurtan gaz kimyo majmuasi fuqaro muhofazasi tuzilmalarining puxta tayyorgarligi namoyon bo‘ldi.

Shurtan gaz kimyo majmuasi fuqaro muhofazasi tuzilmalari shaxsiy tarkiblari o‘z oldilariga qo‘yilgan barcha topshiriqlarni uddalashdi.

Mashg‘ulotlarni o‘tkazishdan maqsad, majmuada tabiiy va texnogen tusdagi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda qutqarish va boshqa shoshilinch ishlarni tashkil etish holatini nazorat qilishdan iboratdir.

Bu kabi o‘quv jarayonlari davomida rahbarlik qiluvchi qo‘mondon boshliqlar tarkibi va majmua fuqaro muhofazasi tuzilmalarining tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarni bartaraf qilish, qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni olib borish, tashkil etish, aniqlash, bashorat qilishdagi muvofiqlik faoliyati bo‘yicha bilimlari mustahkamlanadi.

O‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlarini nazorat qiluvchi mutaxassislar tomonidan "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarni oldini olish va oqibatlarini bartaraf etishga “TAYYOR” deb qaror qabul qilindi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati