Joriy yilning 23 mart kuni “Shurtan GKM” MCHJning ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlarining bajarilishi holati, joriy yil may oyida amalga oshiriladigan rejali ta’mirlash ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda ishlab chiqarish jarayonlari barqarorligini doimiy ta’minlash borasidagi masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda 2023 yilning birinchi choragi uchun belgilab olingan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining bajarilishi holati tahlil qilindi va majmuada texnologik qurilma va uskunalarni barqaror ishlashini ta’minlash hamda choraklik va yillik belgilangan barcha reja ko‘rsatkichlarni bajarish ustuvor vazifa ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

Yig‘ilish davomida majmuada mavjud Hukumat darajasida yechimi kutilayotgan, ishlab chiqarish bilan bevosita bog‘liq muammolar ro‘yxatini shakllantirish hamda “O‘zbekneftgaz” AJga taqdim etish belgilab olindi.
2023 yil may va oktyabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan joriy ta’mirlash ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

2023 yilning 28 mart kuni Majmuada o‘tkaziladigan “Favqulodda vaziyatlar va yong‘inlar sodir bo‘lganda obyekt rahbariyati, qutqaruv tuzilmalari hamda favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashqlariga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, ishlab chiqarish va ijtimoiy soha obyektlarini kuzgi-qishki hamda yozgi mavsumga tayyorlash ishlarining borishi, majmuaning barqaror ishlashini ta’minlash yuzasidan “Uzbekistan GTL” zavodidan yuqori bosimli bug‘, past bosimli bug‘ kondensati va azot quvuri liniyalarini tortish loyihasi hamda “Uzbekistan GTL” zavodidan “Bateman” va “KMPO” SKSlarini elektr energiyasi podstansiyagacha bo‘lgan 30 km uzunlikdagi 35 kV havo elektr tarmog‘ining qurilishi” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar, keyingi bosqichlarini amalga oshirishida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklar, ularning yechimi haqida to‘xtalib o‘tildi.
Bundan tashqari, majmua kadrlar tizimida bir qator o‘zgarishlar yuz berdi. Jumladan, “Shurtan yashil makon” MCHJ direktori lavozimida yangi ish boshlagan N.Berdiyev yig‘ilganlarga tanishtirilib, “Shurtan yashil makon” MCHJ direktori lavozimida faoliyat yuritib kelgan U.Normurodov – majmua Bosh energetigi lavozimiga, Bosh energetik X.Normurodov – Bosh energetik o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganligi ma’lum qilindi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati