O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-yanvardagi “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-99-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda mahalliylashtirish dasturi doirasida mahsulot ishlab chiqarish, tarmoq va hududiy mahalliy ishlab chiqarish korxonalari bilan sanoat kooperatsiyasi aloqalarini yanada kengaytirish, “mahsulotbay” tamoyiliga ko‘ra import o‘rnini bosuvchi (muqobil) mahsulotlarni o‘zlashtirish hamda import hajmini qisqartirish borasida bir qator tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda va salmoqli natijalarga erishilmoqda.
Xususan, 2023-yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida majmuada umumiy qiymati 16,2 mlrd so‘mlik tayyor mahsulotlar ishlab chiqarildi va rejaga nisbatan 134% o‘sishga erishildi, shuningdek qariyb 8,65 mlrd so‘mlik mahsulotlar realizatsiya qilindi.

Import hajmini qisqartirish va sanoat kooperatsiyasi dasturi doirasida, mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining mavjud quvvatlari va imkoniyatlari hisobiga, qiymati 747,6 ming AQSH dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulotlar o‘zlashtirildi (rejaga nisbatan – 191.7%, 2022 yilga nisbatan o‘sish sur’ati – 190.8%).
Shuningdek, respublikamizning Jizzax, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Nukus, Navoiy, Qarshi, Guliston va Toshkent shaharlarida o‘tkazilgan respublika va hududiy sanoat yarmarkalarida, “AGROPRO EXPO 2023”, “INNOPROM. Markaziy Osiyo”, “O‘zbekiston Neft va Gazi - OGU 2023”, “Plastex Uzbekistan 2023” xalqaro ko‘rgazmalarida, “INNOWEEK-2023” innovatsion g‘oyalar haftaligida hamda Qashqadaryo viloyatiga Xitoy Xalq Respublikasining Jiangsu va Anxoy provinsiyalarining delegatsiyalari tashriflarida majmua mutaxassislarining munosib va faol ishtiroki ta’minlandi.

Mazkur sanoat yarmarkalari, ko‘rgazmalar va uchrashuvlar doirasida kelgusida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, sanoat kooperatsiyasini yanada kengaytirish orqali import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish va import mahsulotlariga bo‘lgan talabni bosqichma-bosqich kamaytirish maqsadida “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ va mahalliy ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida yagona elektron kooperatsiya portali orqali loyiha qiymati 180,7 mlrd so‘m bo‘lgan 32 ta memorandum kelishuvlari tuzildi hamda shu asosda mahsulot va xizmatlarni xarid qilish bo‘yicha 10,8 mlrd so‘mlik 49 ta shartnomalar imzolandi.
Shu o‘rinda aytish joizki, mahalliy mahsulotlarga bo‘lgan talabni inobatga olgan holda, majmuada joriy yilda ham mahalliylashtirish dasturi rejasiga asosan mahsulotlarning yangi turlarini o‘zlashtirish va ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda. Unga ko‘ra, 2024-yilda 9 ta loyiha doirasida umumiy qiymati 7,13 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, import hajmini o‘rganishlar asosidagi rejaga asosan, 2024-yilda 309,6 ming AQSH dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarini o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan.
Yaqin kelajakda bu kabi loyihalarning amaliyotga tatbiq etilishi, majmua rentabelligi va mehnat jamoasi daromadlari oshishida hamda respublikamiz sanoati va iqtisodiyoti yuksalishida, shuningdek mahalliy aholining turmush darajasi ko‘tarilishida ham muhim o‘rin tutishi shubhasizdir.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati