“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shaxnoza Xolmaxmatova va O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi apparat rahbari Orziqul Sherov ishtirokida majmua ishchi-xodimlari bilan “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki” shiori ostida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Dastlab Sh.Xolmaxmatova so‘zga chiqib Konstitutsiyaga kiritilayotgan konseptual o‘zgarishlarning fuqarolarimiz farovonligini ta’minlashdagi ahamiyatlari to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Ma’lumki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilmoqda, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda, Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paymoqda, ya’ni amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanmoqda. Umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushgan, takliflarning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olgan. Bularning hammasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyat jipslashgani, Bosh Qomusimiz tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘layotganidan dalolat beradi deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sh.Xolmaxmatova

Uchrashuv davomida O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi apparat rahbari O.Sherov so‘z olib Konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat hayotining barcha jabhalarida kechayotgan tub o‘zgarishlarning uzviy qismi bo‘lib, ularning mustahkam huquqiy asosini yaratish, inson sha’ni va qadr-qimmatini qonun darajasida ta’minlash hamda asosiy qonunimizni jamiyatdagi islohotlarga moslashtirishda muhim hodisa ekanligini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, tadbir davomida Yoshlar ittifoqining Shurtan gaz kimyo majmuasidagi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Sh.Normurodov hamda Mahalliylashtirish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘limi mutaxassisi Sh.Tillayeva so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda yoshlar va xotin-qizlar uchun, ularning sifatli ta’lim olishi va yetuk kadr bo‘lib yetishishlarida keng imkoniyatlar yaratilayotgani, bunga monand tarzda ular tomonidan erishilayotgan yutuqlar salmog‘i ham kundan-kunga oshib borayotganini ta’kidlagani holda yangi tahrirdagi Konstitutsiyada oila, bolalar va yoshlar uchun alohida bob ajratilganligi, yoshlar va xotin-qizlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida kiritilayotganligi muhim hodisa ekanligi haqida alohida e’tirof etishdi. Bu kelajakda yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning kuchli huquqiy-siyosiy asosi bo‘lishini ta’kidlab o‘tishdi

Tadbirda so‘zga chiqqanlarning barchasi yangi Konstitutsiyamizning mamlakatimiz hayotida tutgan o‘rni, unga kiritilayotgan yangi qo‘shimchalar va o‘zgarishlar xalqimizning turmush tarzini yanada farovonlashishiga, inson qadrini bundanda yuksalishiga xizmat qilishini ta’kidlab, uchrashuvga yig‘ilgan barcha ishtirokchilarni 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chorladilar.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati