Ayni kunlarda viloyatimizda bo‘lib o‘tayotgan Qashqadaryo viloyat "Hokim kubogi-2023" turniri o‘zining avj pallasiga kirgan bo‘lib, ushbu turnirda ilk bor "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ terma jamoasi ham ishtirok etmoqda.

Turnirga 15 fevral kuni start berildi va 25 fevral kuniga qadar davom etishi rejalashtirilgan. Ushbu turnirda Proliga, Birinchi liga, U-19 jamoalari hamda Respublika miqyosidagi turli sohalarda faoliyat ko‘rsatuvchi korxona va tashkilotlar terma jamoalari 2 guruhga bo‘lingan holda ishtirok etishmoqda.

Majmuamiz terma jamoasi turnirning dastlabki turida Nasaf U-19 jamoasi bilan 0:0 hisobida durrang natijasini qayd etdi. 2-tur bahslarida esa jamoamiz Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on jamoasi bilan o‘ynashi kerak edi, ammo Qumqo‘rg‘on jamoasi uzrli sabablarga ko‘ra turnirga kela olmaganligi sababli jamoa turnirda ishtirok etmaydigan bo‘ldi va ushbu o‘yin bekor qilindi.

19 fevral kuni turnirning 3-tur bahslari bo‘lib o‘tdi, unda majmuamiz terma jamoasi Nasaf 2005 jamoasi bilan bahs olib bordi. Keskin va murosasiz bahslarga boy bo‘lgan o‘yinda, majmuamiz terma jamoasi 3:2 hisobda g‘alaba qozondi. O‘yinda gollarni majmuamiz terma jamoasi a’zolaridan Otaqulov Elbek (5), Norpulatov Faxriddin (44), Lutfullayev Asliddin (90+3) lar kiritishdi.

«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|