21 may – “Xalqaro madaniyatlar xilma-xilligi va muloqot kuni”

2002 yilning 21 may kuni BMT Umumiy Assambleyasi tavsiyasi bilan ilk marotaba "Xalqaro madaniyatlar xilma-xilligi va muloqot kuni" nishonlash marosimi o‘tkazildi. Bu kunning nomini BMT Umumiy assambleyasiga "YUNESKO" tashkiloti tavsiya qilgan edi. Bugun mazkur sana munosabati bilan O‘zbekistonda xalqaro madaniy aloqalar rivojini tahlil qilsak.

Mamlakatimizda madaniy sohada o‘zaro samarali xalqaro munosabatlarni tashkil etish masalalariga alohida e’tibor berilmoqda. Buni so‘nggi yillarda, miqyosi tobora quloch yozayotgan xalqaro tadbirlar misolida ko‘rishimiz mumkin. Yuksak saviyada tashkil etilayotgan festivallar, konferentsiya va anjumanlar O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini mustahkamlab, madaniyatimizga bo‘lgan qiziqishni oshirmoqda.

Sharq mumtoz adabiyoti, tasviriy san’at, ilm va ma’rifat, islomiy qadriyatlarni uyg‘unlashtirgan maqom san’atiga bo‘lgan hurmat mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan Xalqaro maqom san’ati anjumanida o‘z ifodasini topdi. Unda dunyoning 73 davlatidan kelgan 300 ga yaqin ishtirokchilar va mehmonlar qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, 2019 yilning 5-10 aprel kunlari Termiz shahrida o‘tkazilgan I xalqaro baxshichilik san’ati festivali san’at olamidagi eng muhim tadbirlardan biri sifatida xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur tadbirda 74 ta davlat va 2 ta xorijiy tashkilot (YUNESKO va AYSESKO)dan jami 167 nafar xorijiy mehmonlar ishtirok etdi.

Ushbu festivallar doirasida ilmiy-amaliy konferentsiya, xorijiy va O‘zbekiston san’ati ustalarining yakka kontsertlari, Xalqaro ko‘rik-tanlovlar o‘tkazildi. Shuningdek, sayillar, mamlakatimizning dunyoga mashhur shaxslari hayoti va ijodiy faoliyati haqida zamonaviy usulda sahnalashtirilgan dasturlar, ko‘rgazmalar, o‘zbek, fors, arab, ingliz va rus tillarida nashr etilgan ilmiy-tadqiqot asarlari hamda ilmiy-ma’rifiy adabiyotlar namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

2019 yilning 11-13 iyul kunlari Marg‘ilon shahrida bo‘lib o‘tgan "Buyuk ipak yo‘li" xalqaro folklor san’ati festivalida Italiya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Janubiy Koreya, Malayziya, Rossiya, Hindiston, Turkiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Yaponiya, Eron, Polsha, Mo‘g‘uliston, Daniya kabi 20 ga yaqin davlat hamda O‘zbekistonning barcha hududlaridan kelgan san’at ustalari, folklor jamoalari, badiiy ansambllar ishtirok etdi. Festival doirasida folklor san’ati yo‘nalishida ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borayotgan 40 ga yaqin olim va mutaxassislar ishtirokida "Buyuk ipak yo‘lida folklor san’atining rivojlanish jarayonlari" mavzusida xalqaro ilmiy–amaliy konferentsiya o‘tkazildi.

Shu yili 26-30 avgust kunlari Samarqand shahrida "Sharq taronalari" XII xalqaro musiqa festivali o‘tkazildi. Festival O‘zbekistonning "tashrif qog‘ozi"ga aylangan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. U yillar davomida dunyo xalqlari o‘rtasidagi tinchlik va do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, Sharq xalqlari musiqa san’atini rivojlantirish va uning ahamiyatini yanada oshirish, O‘zbekiston hamda boshqa davlat xalqlarining musiqa san’ati an’analarini qamrab olish, ular bilan yaqindan ilmiy va ijodiy muloqot olib borish hamda hamkorlik qilish, Sharq mamlakatlari musiqa san’ati an’analarini asrash, madaniy muloqotni yanada rivojlantirishga xizmat qilib kelmoqda. 2019 yilgi festival dasturidan 200 nafardan ortiq iste’dodli xonanda va sozandalar, milliy simfonik orkestr va raqs jamoalari chiqishlari o‘rin oldi. Festivalda 75 ta davlatdan 340 nafar vakil qatnashdi.

Milliy raqs san’atimizni targ‘ib qilish, mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida har yili Xorazm viloyatining Xiva shahrida "Raqs sehri" xalqaro festivali o‘tkaziladi. 2019 yilning 14-16 sentyabr kunlari o‘tkazilgan festivalda Angliya, Italiya, Frantsiya, Gollandiya, Rossiya, Malayziya, Hindiston, Xitoy, Indoneziya, Polsha, Gruziya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston kabi 10 dan ortiq xorijiy davlatdan 50 ga yaqin raqqos va raqs guruhlari qatnashdi. Shuningdek, Angliya, Italiya, Fransiya, Niderlandiya, Rossiya Federatsiyasi, Kuvayt, Malayziya, Hindiston, Xitoy, Indoneziya, Polsha, Gruziya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston kabi davlatlar vakillari ishtirok etdilar.

Muntazam ravishda tashkillashtirilgan O‘zbekistonning xorijdagi hamda xorijdagi O‘zbekiston madaniyat kunlari xalqlar va millatlarni bir-biriga hamohangligini kuchaytiruvchi vositalardan biriga aylandi. Xitoy, Vetnam, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikistonda o‘tkazilgan madaniy tadbirlarimiz xalqaro jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

2017 yilda Moskvadagi Pushkin nomidagi Tasviriy san’at muzeyida O‘zbekistonning dunyoga mashhur Savitskiy muzeyida saqlanadigan suratlar ko‘rgazmasi ochildi. "Nukus xazinasi" deb nomlangan ko‘rgazmada Savitskiy muzeyidagi avangard va postavangard yo‘nalishida ijod qilgan rassomlarning 200 ga yaqin asarlari, kulolchilik namunalari va Qoraqalpog‘istonda topilgan ayrim arxeologik eksponatlar namoyish etildi.

Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida 2019 yil 30 may – 2 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan "Intermuzey – 2019" xalqaro festivalida ilk bor "Ichan qal’a" davlat muzey-qo‘riqxonasi o‘zining Smart-muzey dasturi bilan ishtirok etdi. Festival muzey sohasida yangilik sifatida e’tirof etilgan hodisalardan biri bo‘ldi. Unda "Ichan qal’a" davlat muzey-qo‘riqxonasi Nazzar innovatsion dasturi asosidagi taqdimotini namoyish etdi.

Madaniyat vazirligi tomonidan Milliy muzey jamg‘armasining elektron katalogi ishga tushirildi. Elektron katalog www.goskatalog.uz internet manzilida joylashgan bo‘lib, unga davlat muzeylarining 46 tasi biriktirilgan. Elektron katalog ichiga O‘zbekiston muzeylarining arxeologiya, rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik, amaliy san’at, fotografiya va boshqa ko‘rinishdagi kollektsiya eksponatlar inventarizatsiyasi va ma’lumotlar bazasi kiritilgan. Virtual galereya, muzey kataloglari mavjud saytga internetning barcha foydalanuvchilari kirishi mumkin. Saytdan foydalanuvchilar 90 mingga yaqin yuqori sifatli eksponatlarni tomosha qiladi, shuningdek har bir muzeyning asosiy kollektsiya eksponatlarini yaratilish tarixi hamda tavsifi bilan tanishib chiqadi.

Bundan tashqari www.museums.uz domeni ostida O‘zbekiston muzeylarining yagona portalini yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. "O‘zbekiston muzeylariga virtual sayyohat" loyihasi doirasida 20 ta muzeyning 3D ko‘rinishi yaratildi.

Huquqiy asoslarni mustahkamlash yo‘lida olib borilgan islohotlar natijasi sifatida Madaniy ifodalarning turli xil shakllarini muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi konventsiya ratifikatsiya qilinganini misol qilish mumkin.

Konventsiyani Parijda 2005 yil 20 oktyabrda BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Bosh konferentsiyasi qabul qilgan. Bunda milliy va xalqaro siyosat va xalqaro hamkorlikda strategik elementlardan biri sifatida madaniyat integratsiyasining zarurligi turtki bo‘ldi. Konventsiya qo‘llanadigan soha – madaniy ifodalarning turli xil shakllarini muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash uchun ishtirokchi-davlatlar tomonidan qabul qilinadigan siyosat va chora-tadbirlar shundan kelib chiqadi.

Madaniyat, o‘zaro madaniy munosabatlar borasida aloqalarni qo‘llab-quvvatlash va madaniy ifodalarning turli xil shakllariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish – bular hujjatning bazaviy maqsadlari hisoblanadi, ular inson huquqlariga hurmat va asosiy erkinlik, suverenitet, tenglik tamoyillari hamda barcha madaniyatlarga hurmat, xalqaro birdamlik va hamkorlik, iqtisodiy va madaniy jihatdan rivojlanishni o‘zaro to‘ldirib turish, barqaror rivojlanish, foydalanishdagi tenglik, oshkoralik va uyg‘unlik asosida amalga oshiriladi.

Istiqboldagi rejalarga kelsak, pandemiya tufayli joriy etilgan karantin muddati tugatilsa, "Xiva 2020 yilda Turk dunyosining madaniy poytaxti" deb e’lon qilinganligi munosabati bilan Xivada, "Buxoro – 2020 yilda islom olami madaniyati poytaxti" deb e’lon qilinganligi munosabati bilan Buxoroda tadbirlar, sentyabr oyida Shahrisabzda II Xalqaro maqom san’ati anjumani, Marg‘ilon shahrida "Atlas bayrami" festivali o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 2021 yilda Luvr muzeyida O‘zbekiston tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazma o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu MDH mamlakatlaridan biriga bag‘ishlab Luvrda o‘tkaziladigan ilk tadbir bo‘ladi.

Muzey eksponatlari 6 ta kollektsiyaga ajratilgan bo‘lib, unda Sharq kollektsiyasining o‘zi 24 ta zalni egallagan. U yerda O‘zbekiston tarixiga oid – Amir Temurning Qirol Sharl VI ga yozgan maktubi, Ahmad Yassaviy maqbarasi uchun Sohibqiron yasattirgan shamdonlardan biri, qadimiy qurol-aslahalar, qabrtoshlardagi bitiklar va boshqa buyumlar ham bor. Ko‘rgazmaga qadar nafaqat Fransiya, balki O‘zbekistonda ham tadqiqotlar, ko‘rgazma va konferentsiyalarni o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Lekin takror qayd etishimiz kerakki, yuqoridagi tadbirlarning o‘tkazilishi pandemiyaning tugashiga bog‘liq.

Jahonda vaziyat juda murakkab. Madaniy tadbirlar bekor qilindi, madaniy muassasalar ishlamayapti, YUNESKOning Butunjahon merosi ob’ektlari tashrif buyuruvchilar uchun yopiq, madaniy ob’ektlarni talon-taroj qilish va qo‘riqxonalarda brakonerlikning ko‘payishi xavfi mavjud. Ko‘plab san’atkorlar o‘z daromadlarini yo‘qotishdi; madaniy turizm sohasiga jiddiy zarba berildi.

Butun dunyoda COVID -19 ning madaniyat sohasiga ta’siri kattadir. Jahon yalpi ichki mahsulotidagi madaniy sohaning ulushi 3 foizni (taxminan 2250 milliard dollar) tashkil etadi. Ushbu sohada qariyb 29,5 million kishi ishlaydi. Ko‘rinadiki, madaniyat va turizm sohasidagi iqtisodiy inqiroz salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Ijtimoiy masofalanish davrida milliardlab odamlar madaniyatga murojaat qilishadi. Hozirda insonlar Internetda kontentlarni faol ravishda yaratmoqdalar, ijtimoiy tarmoqlar orqali virtual madaniy tadbirlar, masalan, videokonferensiyalar, muzey va galereyalarga virtual tashriflar tashkillashtirmoqdalar. Tarixiy taraqqiyot davomida yuz bergan jiddiy inqirozlar ko‘pincha madaniyatning tiklanishiga va ijodning yangi shakllarining paydo bo‘lishiga olib keldi, bu ijtimoiy taraqqiyot uchun juda muhimdir.

Madaniyat rivoji tinchlik, barqarorlik va rivojlanish uchun sezilarli ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, madaniy xilma-xillik fenomenini, yangi ommaviy axborot vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) orqali qabul qilish va tan olish madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni, hurmat va o‘zaro tushunishni rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

Madaniyat vazirligi Axborot xizmati manbalaridan foydalanildi

 

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz