"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda joriy etilgan loyiha “Neft va gaz sanoatida mahalliy ERP tizimini joriy etish bo‘yicha eng yaxshi loyiha” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Joriy yilning 15-sentyabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida “Neft va gaz sanoatidagi eng yaxshi raqamli yechimlar” XIV tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tanlovda 17 ta nominatsiya bo‘yicha turli davlatlardan IT sohasidagi amalga oshirilgan loyihalar bilan ko‘plab yirik kompaniyalar ishtirok etishdi.
“Neft va gaz sanoatida mahalliy ERP tizimini joriy etish bo‘yicha eng yaxshi loyiha” nominatsiyasi g‘olibligi uchun mukofotni loyiha pudratchisi “1C: Perviy Bit” kompaniyasining korporativ loyihalar bo‘yicha rahbari Viktor Burdin va “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ bosh direktorining axborot texnologiyalari va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Faxriddin Quvatovlar qabul qilishdi.

- “Loyiha juda qiziqarli bo‘ldi, biz 1C:ERPni O‘zbekiston Respublikasida “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi "Shurtan GKM" MCHJ korxonasida joriy etishga muvaffaq bo‘ldik. Bundan tashqari, joriy etish moslashuvchan texnologiyalar yordamida amalga oshirildi. Nafaqat Rossiyada, balki O‘zbekiston Respublikasida ham o‘zini rivojlantirish va raqamlashtirishga, tajriba joriy etishga, shu jumladan Rossiya tajribasiga ham qiziqish bildirayotganlar borligidan mamnunmiz, — dedi Viktor Burdin.

– Tanlov tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiligimni va korxonamiz uchun yangi loyiha tizimini joriy etgani uchun «Perviy Bit» kompaniyasiga katta rahmat, – deya qo‘shimcha qildi Faxriddin Quvatov.

Tanlov 2009 yilda Rossiya Federatsiyasi Raqamli rivojlanish vazirligining o‘sha vaqtdagi rahbari Igor Shegolev taklifiga binoan ComNews group tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, ushbu tanlovda har yili neft va gaz sohasida amalga oshirilgan IT va sanoatni avtomatlashtirish sohasidagi eng muhim loyihalarning mijozlari va ijrochilari e’tirof etib kelinadi.
Tanlovdan ko‘zlangan maqsad, neft va gaz sanoati uchun raqamli innovatsion yechimlar va texnologiyalarni qidirish va ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlashdir. Shuningdek, ilg‘or tajriba almashish, bir kompaniyada o‘zini oqlagan loyihalarni sohadagi boshqa korxonalarda isbotlagan yechimlarini takrorlashdir.
Bundan tashqari tanlovda ishtirok etish ishlab chiquvchilarga, ilmiy tashkilotlarga, kichik va o‘rta korxonalarga sanoat hamjamiyatining diqqat markazida bo‘lish imkonini beradi, bu ularga texnologiyalarni joriy etish uchun mablag‘ olish, taniqli soha mutaxassislarining tavsiyalaridan foydalanish, sheriklar, mijozlar va o‘z kompaniyasini sanoat yetakchisiga aylantirish uchun imkoniyatlar beradi.

Ta’kidlash kerakki, nafaqat Rossiya Federatsiyasi yoki MDH mamlakatlari orasida, balki butun jahon neft va gaz bozorida o‘zining kuchli ta’siri va salmoqli hissasiga ega bo‘lgan “Gazprom”, “Lukoyl”, “Sibur” va “Zarubejneft” kabi gigantlar, “Gazprombank” kabi bank va moliya institutlari shuningdek ishlab chiqaruvchi va logistika kompaniyalari tanlovning doimiy ishtirokchilaridir. Joriy yildagi tanlov g‘oliblari orasida “Gazprom” kompaniyasi va tarmoqlarining ko‘pgina nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topilganligi ushbu gigant kompaniya o‘z-o‘zini rivojlantirish va jahon bozorida raqobatbardoshlikni ta’minlash yo‘lida qanchalar katta kuch va mablag‘ sarflayotganligidan dalolatdir.
Bizning majmuamiz ana shu gigiantlar qatorida tanlov sovrindori bo‘lishi esa, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan raqamli iqtisodiyotga o‘tish yo‘lidagi strategiya doirasidagi munosib qadamdir.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati