"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Polietilen ishlab chiqarish sexining Retsikl qurilmasidagi FF-2202 A/B apparatida etilen va buten-1 gazi tarkibidagi namlik va ketonlarni ushlab qolishda qo‘llaniladigan adsorbent qatlami, ya’ni silikagel va molekular sito kimyoviy reagentlarini almashtirish ishlari olib borildi.

FF-2202 A/B apparatining vazifasi "Sclairtech" texnologiyasi asosida buten-1 va etilenning tozalik sifatiga ta’sir etuvchi tarkibidagi namlik va ketonlarni tutib qolishdan iboratdir. Buning uchun molekular sito, silikagel va 6 mm, 12 mm, 20 mm o‘lchamlardagi keramik sharlar ketma-ket qatlamlar holatida apparatga yuklanadi. Agarda keton va namliklar texnologik jarayonda ushlab qolinmasa, bu holat polietilen ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etadigan katalizatorlarning aktivligiga salbiy ta’sir etib, polimerlanish reaksiyasida texnologik rejim ko‘rsatkichlarini o‘zgarishiga va o‘z navbatida ishlab chiqarish samaradorligiga ta’sir ko‘rsatadi.

Ushbu apparat uchun foydalaniladigan silikagel, molekular sito kimyoviy reagentlari asosan Xitoy davlatidan olib kelinadi. Keramik sharlar esa oxirgi yillarda majmuada olib borilayotgan mahalliylashtirish dasturiga asosan Toshkent shahrida joylashgan “Keramika-quyosh” MCHJ tomonidan yetkazib berilmoqda.

Ishlab chiqarish barqarorligini va samaradorligini ta’minlash maqsadida majmuaning yillik tasdiqlangan kimyoviy reagentlarning me’yoriy sarfi bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga asosan yil davomida bir marta FF-2202 A/B apparati ichidagi adsorbent qatlami almashtiriladi.

Ma’lumot uchun, Polietilen ishlab chiqarish sexida joylashgan Retsikl qurilmasidagi FF-2202 A/B apparati 1999-yilda Yaponiyaning yirik "TOYO Enjinering" kompaniyasi tomonidan loyihalangan va ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2000-yilda majmuaga olib keltirilgan va o‘rnatilgan.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati