“Uzbekneftegaz GTL” zavodining qurilish ishlari keng ko‘lamda davom ettirilmoqda. Zavodda 12 ming ishchi tomonidan qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va topshirig‘iga ko‘ra bunyod etilayotgan ushbu inshoot Markaziy Osiyoda eng yirik ishlab chiqarish loyihasi bo‘lishi kutilmoqda.

Quvonarlisi esa qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirib, zavodni elektr energiya bilan ta’minlash ishlari tugallandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning tashabbusi bilan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi va “Uzbekneftegaz GTL” zavodini tashqi elektr ta’minoti bilan ta’minlash uchun “GTL 220/35/10 kV” podstantsiyasining qurilish va montaj ishlari, koronavirus pandemiyasi davrida ham to‘xtab qolmadi.

Ishchi-xodimlar, mutaxassislarning o‘z ishlariga fidoyiligi natijasida loyiha uzluksiz davom ettirildi va belgilangan muddatda qurib bitkazildi.

Ushbu yirik loyihaning tantanali ochilish marosimida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi va “Ishchi guruh” a’zolari ishtirok etishgani borasida avvalroq xabar bergan edik.

Umumiy qiymati 81 mlrd so‘mdan iborat bo‘lgan “GTL-220/35/10 kV” podstantsiyasini loyihalash ishlari “Sredneazenergosetproekt” instituti tomonidan amalga oshirildi hamda foydalanishga topshirildi.

“GTL-220/35/10 kV” podstantsiyasidan “Uzbekneftegaz GTL” zavodining asosiy podstantsiyasiga, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan hamkorlikda birinchi marotaba elektr energiya qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Reja asosida zavodning qolgan podstantsiyalari elektr energiya bilan ta’minlandi va zavodning texnologik uskuna va jihozlarida ishga tushirish oldi, sozlash va ishga tushirish ishlari amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz