“2021-yil – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” munosabati bilan “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev topshirig‘i bilan boshqarma va korxonalarda mehnat qilayotgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dod va salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qashqadaryoning Shahrisabz tumanida joylashgan “Lochin” bolalar dam olish oromgohida “Kelajak bizniki” shiori ostida bo‘lib o‘tgan navbatdagi “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining istiqbolli yoshlari” forumi ham shular jumlasidandir.

Hozirgi kunda Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida mehnat qilib kelayotgan ishchi-xodimlarning 21 foizi, ya’ni 800 nafardan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi.

Yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitish, ularda birdamlik va jamoadoshlik ruhiyatini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan navbatdagi forumda, korxonaning ishlab chiqarish jarayonlariga ta’sir etmagan holda reja-grafik asosida majmuaning 150 nafari yosh xodimlari ishtirok etishdi.

Forumning tantanali ochilish marosimidan so‘ng, barcha jamoalarning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qiziqarli bellashuvlarga boy bo‘lgan mazkur forumda seminarlar, badiiy sahna ko‘rinishlari, sport musobaqalari, zehn va tafakkur bilan birga chaqqonlik talab etiladigan intellektual o‘yinlar tashkil etildi.

Taqdimotlarda majmua yosh mutaxassislari tomonidan elektr-energiyani tejash maqsadida “Ishchilar shaharchasi”dagi yoritish tizimlarida quyosh batareyalari va panellaridan foydalanish, majmua hududida mini elektrobuslar harakatini yo‘lga qo‘yish, “Yashil hudud”larni tashkil etish va turdosh korxonalar o‘rtasida autsorsingni amalga oshirish kabi bir qator taklif va mulohazalar bildirib o‘tildi.

Taqdimotdan so‘ng, forum ishtirokchilari uchun “Breyn ring” intellektual shousining maxsus soni bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar tadbirining ikkinchi kuni o‘ziga xos fleshmob tarzida ertalabki badantarbiya bilan boshlandi va sportning futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka, darts kabi turlari hamda quvnoq startlar bilan davom etdi. Shuningdek, mutaxassislar bilan davra suhbatlari, turli jamoalar o‘rtasida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Ushbu bellashuvda muammolarni hajviy janr orqali sahnada ajoyib ifodalab bergan “Energy” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Kechqurun gulxan atrofida uyushtirilgan samimiy suhbat rahbariyat va yoshlarni bir-birlariga yanada yaqinlashtirdi. Forum uchun tayyorlangan mushaklar shousi hamda jonli ijrodagi kuy-qo‘shiqlar yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

Forumning so‘nggi kunida tashkilotchilar va ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz