Majmua ishchi-xodimlarini bo‘sh vaqtlarini ko‘ngilli va mazmunli o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularga o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarish uchun sharoit yaratish maqsadida tashkil etilgan “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining saralash bosqichi 3-guruh bellashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda majmua tasarrufidagi: Qarshitermoplast sexining "DINAMIT", Uy-joydan foydalanish xizmatining "SHGKM CITY", Qo‘riqlash xizmatining "KULGI POSTIDAGI PATRUL-KPP" jamoalari ishtirok etishdi.

Umumiy 4 ta shart yuzasidan jamoalar o‘zlarining yumoristik chiqishlari bilan ishtirok etib, o‘z bilim, mahorat, hozirjavoblik, intellektual salohiyatlarini belgilangan talab me'yorlariga rioya etgani holda ko‘rsatib berdilar.

Shartlar yakuniga ko‘ra Uy-joydan foydalanish xizmatining"SHGKM CITY" jamoasi 3-guruh bellashuvlarida eng yuqori ochko to‘plab g‘oliblikni qo‘lga kiritgani holda keyingi bosqichga yo‘l olishgan bo‘lsa, Qarshitermoplast sexining "DINAMIT" jamoasi ikkinchi, Qo‘riqlash xizmatining "KULGI POSTIDAGI PATRUL-KPP" jamoasi uchinchi o‘ringa egalik qildilar.

"Quvnoqlar va zukkolar" ko‘rik tanlovida qatnashgan jamoa a'zolariga majmua ma'muriyati hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, bellashuvning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida Uy-joydan foydalanish xizmati xodmasi Sayfullaeva Dildora e'tirof etildi.

Ma'lumot o‘rnida shuni ayta olamizki, saralash bahslarining so‘nggi uchrashuvi Majmua tarkibidagi Ko‘kalamzorlashtirish tarmog‘ining "KO'KALAM", Bug‘-gaz havo ta'minoti sexi+Ichki suv ta'minoti sexlarining birlashgan "ENERGY", Atrof muhit muhofazasi xizmatining "EKOLITE" jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz