Qashqadaryodagi "Zevarda" konidan 2,321 mlrd. kub metr tabiiy gaz va 51 ming tonna gaz kondensati qazib olinadi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig‘iga asosan, tabiiy gaz qazib olish hajmini oshirish uchun konlar va quduqlarda uzluksiz ish davom ettirilmoqda.

Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani hududida joylashgan “Zevarda” konidagi quduqlarda ishlayotgan ishchi-xodimlar ham vaxta rejimida, karantin qoidalariga to‘la amal qilgan holda faoliyat yuritishmoqda.

2020 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, konda 79 ta quduqdan tabiiy gaz qazib olinmoqda. 1 ta quduqda esa hozir burg‘ulash ishlari davom ettirilmoqda.

Hozirga qadar ushbu kondan 1,274 mlrd. kub metr tabiiy gaz va 27,7 ming tonna gaz kondensati qazib olindi. 2 ta quduq burg‘ilanib ishga topshirildi va qo‘shimcha 13,5 mln. kub metr tabiiy gaz va 0,321 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarishga erishildi.

"Zevarda" konidagi quduqlardan qazib olingan tabiiy gaz mavjud 9 dona gazni yig‘ish joylarida yig‘ilib, bosimlari tenglashtirilganidan keyin, diametri 426 mm bo‘lgan gaz quvurlari orqali quvvati 32 MVt bo‘lgan "Zevarda" Siquv kompressor stantsiyasida gazni yuqori bosimga ko‘tarib beriladi.

Siquv kompressor stantsiyasidan keyin quvvati 5,0 mlrd kub metrni tashkil qilgan "Zevarda" Gazni kompleks tayyorlash qurilmalarida tabiiy gaz tarkibidan suyuq uglevodorodlar ajratib olinib, gaz quvurlari orqali "Muborak" Gazni qayta ishlash zavodiga oltingugurt birikmalaridan tozalash uchun yetkazib beriladi.

2020 yilda "Zevarda" konidan 2,321 mlrd. kub metr tabiiy gaz va 51 ming tonna gaz kondensati qazib olish rejalashtirilgan.
Ikkinchi yarim yillikda 3 ta quduq burg‘ilanib ishga topshiriladi va bu quduqlardan qo‘shimcha 26,6 mln. kub metr tabiiy gaz va 0,381 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarish imkonini beradi.

Shuningdek, 12 ta quduq mukammal ta’mirlanishi va quduqlardan qo‘shimcha 27,9 mln kub metr tabiiy gaz va 0,322 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarish kutilmoqda.

Bundan tashqari, 2020-2021 yil kuz-qish mavsumida iste’molchilarni tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash va kondagi tabiiy gaz hajmlarini oshirish maqsadida, past bosimli quvvati 16 MVt bo‘lgan tabiiy gazni past bosimdan ko‘tarib beruvchi yangi siquv kompressor stantsiyasi qurilishi ishlari boshlangan bo‘lib, natijada, kunlik 1,5 mln.kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlari oshirishga erishiladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz