Videoselektor "O‘zbekneftgaz"AJ tizimidagi tashkilotlar va korxonalar tomonidan 2020 yilning ortda qolgan 5 oyi davomida bajarilgan ishlar va kelgusidagi rejalarga oid masalalarga bag‘ishlandi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan - "Yana bir bor takrorlayman, har birimiz karantin va sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilib, o‘zimiz, yaqinlarimiz va xalqimizning sog‘lig‘ini himoya qilish uchun mas’ul ekanimizni unutmasligimiz zarur va shart" – deb aytganlari doimo hammaning yodida bo‘lishi hamda "O‘zbekneftgaz" AJ tizimidagi korxona va tashkilotlar bunga qat’iy amal etilishi kerakligi ta’kidlandi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev karantin qoidalariga rioya etilishi bo‘yicha barcha korxonalarning rahbarlari shaxsan javobgar ekanligini aytdi va barcha birdek unga amal qilishi borasida topshiriqlar berdi.

Shuningdek, ortda qolgan 5 oy mobaynida tabiiy gaz qazib chiqarish 14 123,7 mln.kub.metrni, yoki rejaga nisbatan 99,4%ni (o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’ati 100,5%) tashkil etgani, gaz kondensati – 609,6 ming tonnani, yoki 107,5%ni (o‘sish sur’ati 98,2%), neft – 86.3 ming tonnani yoki 108,4%ni (o‘sish sur’ati 98,3%) tashkil etgani aytildi.

Shu o‘rinda, Qashqadaryoda viloyatidagi Somontepa konida 33 kilometr uzunlikdagi gaz quvurining foydalanishga topshirilganligi tabiiy gaz qazib chiqarishni kuniga 1 mln. kub. metrga oshirishi alohida ta’kidlanib, bu qurilishni amalga oshirishda o‘zining hissasini qo‘shgan har bir xodimga minnatdorchilik bildirildi, ularni rag‘batlantirish kerakligi bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Mazkur yo‘nalishdagi tadbirlarni, xususan Gazli mintaqasida "Uchqir" gaz siquv kompressor stantsiyasini qurish ishlarini nixoyasiga etkazish zarurligi bildirilib, mutasaddi raxbarlarga buni qattiq nazoratga olish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Boshqaruv raisi tizimda hali qator kamchiliklar mavjud ekanligini aytib, "O‘zbekneftgaz" AJni iqtisodiy sog‘lomlashtirish borasida kerakli yutuqlarga erishilayotganini ham alohida qayd etdi. Jumladan, dunyoning eng yirik auditor-konsalting kompaniyalaridan biri bo‘lgan "Ernst & Young" bilan hamkorlikda qilingan ishlar shular jumlasidan ekanligi e’tirof etildi. Jumladan kompaniya tomonidan jamiyatning 2016-2017 yillar uchun xalqaro moliyaviy xisobotining yakunlangani ijobiy baxolanib, 2018-2019 yillar hisobotini xam jadallashtirish lozimligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari ushbu videoselektorda Buxoro va Chinoz neftni qayta ishlash zavodlari quvvatlaridan foydalanish 73,1%ni, yoki rejaga nisbatan 105,3%ni (o‘tgan yil davriga nisbatan 103,3%) tashkil etgani ham sohada salmoqli o‘sish davri boshlanganidan darak berishi misol tariqasida aytib o‘tildi.

"O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan 2020 yilning 5 oyi davomida neft va gaz mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha avtobenzin ishlab chiqarish 329,3 ming tonnani, yoki 114,1% (o‘sish sur’ati 121,2%), dizel yonilg‘isi – 302,3 ming tonna, yoki 92,2% (96,8%), suyultirilgan gaz – 262,0 ming tonna, yoki 101,2% (96,1%), polietilen – 55,4 ming tonna, yoki 111,1% (100,0%) tashkil etgani ta’kidlandi.

Yil oxiriga qadar barcha neft bazalarida avtomatlashtirilgan hisob yuritilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida rahbarlarga tegishli ko‘rsatma berildi.

Investitsiyalarni o‘zlashtirish 529,8 mln.dollar, yoki rejaga nisbatan 104,9% investitsiyalar o‘zlashtirildi, shundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari va kreditlari – 58,3 mln.dollar yoki 101,7% tashkil etgani ham qo‘lga kiritilgan yutuqlar qatorida sanab o‘tildi.

Shunday bo‘lsa-da, Boshqaruv raisi tizimda hamon korruptsiyadan qutula olmayotgan, korxona va davlat manfaatlarini o‘z manfaatidan ustun qo‘ya olmayotgan rahbarlar borligini keskin tanqid qildi.

Videoselektor yakunida esa, 2020 yilning birinchi yarim yilligida "O‘zbekneftgaz" Aj oldiga qo‘yilgan vazifalarni bekamu-ko‘st bajarish, rejadagi natijalarga erishish uchun barcha birdek harakat qilishi bo‘yicha alohida topshiriqlar berildi.

 

"O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz