“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholisini neft-gaz resurlari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi, aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini yanada oshirishga doir “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning bajarilish holati, 2021-yilning yanvar-oktyabr oylari yakunlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Boshqaruv raisi o‘rinbosarlari, Departament va Boshqarmalar, “O‘zLITIneftgaz” AJ, “O‘zneftgaz burg'ilash ishlari”, “O‘zneftgazquduqta’mirlash” AJ, “Andijonneftgazquduqta’mirlash”, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz kimyo majmusi, Chinoz neftni qayta ishlash zavodi, “Maxsusenergogaz” AJ, “Uzbekneftegaz GTL” zavodi, “UNG Petro” korxonasi hamda neft bazalar rahbarlari ishtirok etgan mazkur yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi.

Boshqaruv raisi yig‘ilish avvalida bugungi kunda Davlat rahbari tomonidan sohaga qaratilayotgani e’tibor va qo‘llab-quvvatlovchi qarorlarni alohida e’tirof etdi. Prezident tomonidan bildirilayotgan ishonchni oqlagan holda tabiiy gaz qazib chiqarish va suyultirilgan gaz ishlab chiqarishda belgilab berilgan reja ko‘rsatkichlarni o‘z vaqtida bajarish uchun barcha bir jamao bo‘lib harakat qilish zarurligi, jumladan, bu sa’y-harakatlarning natijasi yil yakunida qilinadigan sarhisobda o‘z aksini topishini qayd etdi.

Mehriddin Abdullaev tomonidan 2021-yilning o‘tgan 10 oyi davomida tabiiy gaz qazib chiqarish bo‘yicha o‘sish sur’ati 102,4 foizni tashkil etgani yaxshi natija ekanligini, ammo yil yakuniga qadar belgilangan rejani bajarish va bu borada mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari alohida muhokama qilindi va bu boradagi ishlarni milliy yo‘nalishda davom ettirish, ishlab chiqarish jarayonlarini kengaytirish borasida vazifalar belgilandi. Yig‘ilish kun tartibida ko‘rib chiqilgan kadrlar masalasi muhokamasida joylardagi rahbarlarning o‘z vazifasiga bo‘lgan mas’uliyatiga urg‘u berildi. Boshqaruv raisi tomonidan rahbarlar-xodimlarning dunyoqarashini o‘zgartirishi bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Boshqaruv raisi tashabbusi bilan so‘nggi yillarda tizimga tadbiq etilgan keng ko‘lamli islohotlar bugun o‘z natijasini ko‘rsatib, gaz kondensati qazib chiqarish 1,2 mln tonnani tashkil etib, prognoz 102,9 foizga, o‘sish sur’ati 101,0 foizga bajarildi. Bu borada Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish hamda Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmalarining ijobiy ko‘rsatkichlari boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerakligini, Gazli hamda Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbarlari bildirilgan tanqidlardan to‘g‘ri xulosa chiqarishlari lozimligi ta’kidlandi.

Barcha boshqarma rahbarlariga havoning keskin sovib borayotganligini inobatga olgan holda ishchi-xodimlar maxsus ustki kiyimlar bilan ta’minlanishi, vaxta rejimida mehnat qilayotganlarning yotoqxonalarida qulay shart-sharoitlarni yaratish va doimo o‘rganib borish belgilandi.

Ayni mana shu ishchi-xodimlarning mashaqqatli mehnati evaziga geologik-texnik tadbirlar, jumladan, joriy yilning o‘tgan davri davomida 134 ta quduq ishga tushirilib, o‘sish sur’ati– 161,4 foizga, 621 ta quduq mukammal ta’mirlanib, o‘sish – 118,5 foizga bajarilgani Boshqaruv raisi tomonidan alohida e’tirof etildi.

O‘z navbatida, neft va gaz mahsulotlarini ishlab chiqarish, eksport, investitsiyalarni o‘zlashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, importni qisqartirish, mahsulot tannarxini qisqartirish, debitor va kreditor qarzdorlik, soliq to‘lovlari masalalari ham har bir oy kesimida tahlil qilindi.

Boshqaruv raisi tomonidan “Dengizko‘l” siquv kompressor stantsiyasi (SKS) va “Janubiy Tandircha” SKS qurilishini nazorat qilish hamda “Uchqir” SKSning ikkinchi agregatining bir maromda ishlashini to‘liq ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.

Yil yakuniga qadar tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish, qoloqlikka yo‘l qo‘ymaslik, prognoz ko‘rsatkichlarini to‘liq bajarish borasida amalga oshiriladigan tezkor chora-tabdirlar belgilab olindi.

“O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari” rahbari va tegishli departament rahbarlariga Ustyurt hududida katta hajmda gaz oqimi olinishi rejalashtirilgan 4 ta (“Quyi Surgil” 11-, 13-, 21-sonli va “Sharqiy Berdaq” 63-sonli) quduqlarni tugatish bo‘yicha ishlarni jadallashtirib, ishga tushirish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda Jamiyatning o‘z mablag‘lari hisobidan “Kaltaqir-Toshquduq” konlari gaz kollektorlarining korroziyalangan qismini (5,2 km) almashtirish, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi siquv kompressor stansiyalarini barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida, “Sivil” kompaniyasiga qayta ta’mirlashga yuborilgan “Silovaya turbina”ni ta’mirlash ishlarini yakunlab, yetkazib kelinishi ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi.

Boshqaruv raisi tomonidan neft bazalarning debitor qarzdorliklarni undirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralari o‘ta qoniqarsiz baholanib, Andijon, Guliston neft bazasida ayniqsa debitor qarzdorlikning oshib ketganligiga sabab bo‘lgani, shuningdek, Maroqand, Termiz, neft bazalari oktyabr oyida qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha ishlar umuman tashkil etilmagani keskin tanqid qilindi.

Neft baza rahbarlarining xatti-harakatlari yuzasidan “O‘zbekneftgaz” AJ Moliyaviy komplaens nazorat va Yuridik departamenti rahbarlari alohida vazifalar belgilandi hamda har bir noqonuniy ish yuzasidan prokuratura organlariga ma’lumot kiritib borish belgilandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz