Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ishlar hamda majmua yoshlariga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish va tajriba almashish maqsadida “Navoiazot” AJ boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga kelishdi.

Tanishuv davomida majmuada yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar, boshlang‘ich tashkilot Kengashi faoliyati, yosh koordinatorlar va Yoshlar ittifoqi qoshida tashkil etilgan klublar faoliyati, yil davomida majmuada yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar hamda yoshlar markazi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Shuningdek, “Navoiazot” AJ yoshlariga majmuaning malakali mutaxassislari tomonidan korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari haqida to‘liq ma’lumotlar berildi va majmuaning etilen, polietilen, zavod markaziy laboratoriyasi, bug‘gazhavo ta’minoti sexlarida bo‘lgan yoshlar majmuaning texnologik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Qolaversa, navoiylik yoshlar majmua ishchilar shaharchasida barpo etilgan zamonaviy yotoqxonalar, oshxonalar, sport maydonlari hamda trenajor zallarini ham ko‘zdan kechirishdi.

Shu o‘rinda, “Navoiazot” AJ Yoshlar ittifoqi va “Sho‘rtan GKM” Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotlari o‘rtasida kelgusida keng ko‘lamli hamkorlik ishlarini olib borish va o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, korxona yoshlari o‘rtasida sayohatlar hamda intellektual va sport musobaqalarini tashkil etish masalalari bo‘yicha kelishib olindi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ
Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz