Dunyodagi eng go‘zal me’moriy obidalarning maketlarini kichraytirilgan nusxalari makon topgan, soya-salqin maskan – go‘zal tabiatli “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ tasarrufidagi “Lochin” bolalar dam olish oromgohi navbatdagi yozgi mavsumga shay turibdi. 2020 yil 13 iyun kuni mazkur oromgoh qiziquvchan, shijoatli bolajonlarni o‘z bag‘riga chorlab mavsumning 1-oqimini yanada qiziqarli o‘tishi uchun tayyorgarlik ishlarini yakuniga yetkazganligini ma’lum qildi.

Xabaringiz bor, karonavirus pandemiyasi davrida Respublika maxsus Komissiyasi tomonidan 2020 yil 5 iyundan boshlab quyidagilarga ruxsat beriladi:

“yashil” va “sariq” hududlarda:

✔ mehmonxonalar, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, plyajlar, boshqa dam olish maskanlari va joylashtirish vositalari faoliyatiga (xostellar bundan mustasno);
✔ uy mehmonxonalari va soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tgan dala hovlilar (dachalar) faoliyatiga (faqat oilaviy mehmonlarga xizmat ko‘rsatish uchun);
✔ mehmonxonalar, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, plyajlar, boshqa dam olish maskanlarida joylashgan hamda ochiq havoda xizmat ko‘rsatuvchi umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyatiga;

“yashil” hududlarda “sariq” hududlarga qo‘shimcha ravishda:

✔ individual shug‘ullanish uchun trenajer zallari va basseynlar faoliyatiga.
Bunda trenajer zallari va basseynlar obyektlarining doimiy ravishda dezinfektsiya qilinishi, ularning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfektsion “to‘shak”lar bilan jihozlash, xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi, shuningdek, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37*C va undan yuqori bo‘lgan, infektsiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda hamda tibbiy niqobda bo‘lmagan hollarda kiritmaslik choralarini ko‘rish, ijtimoiy masofani ta’minlash imkoniyati bo‘lmagan jamoaviy sport turlarini o‘tkazmaslik talab etiladi;

✔ madaniyat obyektlari (teatrlar) faoliyatiga, individual va jamoaviy repetitsiyalar o‘tkazish sharti bilan (30 kishidan ko‘p bo‘lmagan), tomoshabinlar va tashrif buyuruvchilarga ruxsat bermagan holda, spektakllarni onlayn rejimida yoki televideniya orqali translyatsiya qilish yo‘li bilan;
✔ ta’lim markazlari, to‘garaklar (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan guruh tashkil etib, vaqtini oldindan kelishgan holda) faoliyatiga.
Bunda xodimlar va bolalarning sog‘lig‘i holatini doimiy nazorat qilish (tana haroratini muntazam o‘lchab borish), infektsiya alomatlari mavjud bo‘lgan xodimlar va bolalarni mashg‘ulotlar chetlatish, shuningdek, sanitariya-gigiena va dezinfektsiya talablariga qat’iy rioya etish talab etiladi.

Mamlakatdagi vaziyatni inobatga olib, “Lochin” bolalar oromgohida ham karantin qoidalari va talablariga to‘laqonli amal qilingan holda ishlar tashkil etildi.

Quvnoq bolajonlarni issiq bag‘riga chorlab turgan ushbu maskan jamoasi bu yilgi mavsumni “Bayramlar yozi” deb nomladi. Mavsumning nomlanishi ham chuqur ma’noga ega!

O‘zbek xalqi bolajon xalq, har qanday vaziyatda ham bolalar kattalar himoyasida. Biz tom ma’noda baxtli insonlarmiz, hukumatimiz tomonidan bolajonlarimiz uchun bilim olishlari, dam olishlari va o‘zlarining ustida ishlashlari uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan.

“Lochin” oromgohidek go‘zal maskanda dam olish bolajonlar uchun haqiqiy bayramdir.

Istaymizki bolajonlarimiz uchun bu yilgi mavsum nomiga xos va mos haqiqiy bayramlar yozi bo‘lib qoladi.

 

“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ va Kasaba uyushma qo‘mitasi

 

 

www.sgcc.uz