“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligidagi “Ishchi guruh” Qashqadaryo viloyatida joylashgan ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalari, konlar va quduqlardagi hozirgi ahvolni o‘rganmoqda.

Unda, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini ko‘paytirish, tabiiy tushishning oldini olish, sovuq ob-havo sharoitida karantin qoidalariga rioya etgan holda ish tashkil qilish muhokama qilindi. Dastlab, G‘uzor tumanida joylashgan Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Sho‘rtan” konidagi shtabda konlarda tabiiy gaz qazib chiqarilishi uchun mas’ul bo‘lgan kon boshlig‘i, operator, geologlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Boshqaruv raisi kondagi ishchi-xodimlarning muammolari, ish tashkil qilish uchun vujudga kelayotgan kamchiliklar hamda ishlash va yashash sharoitlari borasida birma-bir suhbat o‘tkazdi. Mavjud muammolarni joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida kon rahbarlariga har bir quduq uchun alohida “Temir daftar” yuritish bo‘yicha berilgan topshiriqlarning ijrosi holati o‘rganildi hamda chora-tadbirlar ijrosini tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Boshqaruv raisi va “Ishchi guruh” a’zolari Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi bosh inshootida qiymati 49 million dollarlik, qo‘shimcha 61 ming tonnagacha suyultirilgan gaz ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan “Propan-butan ajratib olish 1-, 2- va 5-qurilmalarini modernizatsiya qilish” investitsiya loyihasi bo‘yicha yakuniy bosqichda olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari bilan tanishdi.

Loyiha doirasida Propan-butan aralashmasi ajratib olish qurilmalariga uzatiladigan xomashyo gaz bosimini oshirish maqsadida, qurilishi ko‘zda tutilgan bitta yangi gaz haydash agregati, gaz haydash agregatiga kirish gazini mexanik aralashmalardan tozalash uchun 3 ta filtr-separatorlarning ishlash holati o‘rganildi.

Loyihani amalga oshirish uchun Ukrainaning “Sumskoe NPO”, Rossiyaning “KMPO”, “NIPI NG PETON”, “Elektrostandart-pribor”, Shveytsariyaning “Endress+Hauser” va boshqa chet el zavodlaridan olib kelingan uskunalar holati, ular bilan hamkorlikda qilinayotgan ishlar muhokama qilindi.

Investitsion loyihani sifatli va mukammal tarzda amalga oshirish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rish, rejadagi tadbirlarni texnika xavfsizligi va karantin qoidalariga rioya etgan holda zamonaviy qurilish me’yorlari asosida amalga oshirish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

Mas’ul rahbarlarga yana bir bor, karantin cheklovlari bekor qilinmagani, balki yumshatilganini yodda tutish lozimligi, unga qat’iy amal qilgan holda loyiha doirasidagi ishlarni joriy yilning oktbyar oyiga qadar yakunlash bo‘yicha topshiriq va vazifalar berildi.

Boshqaruv raisi loyihani o‘z vaqtida ishga tushirish va kuz-qish mavsumida aholi hamda iqtisodiyot ehtiyojlarini qo‘shimcha suyultirilgan gaz bilan ta’minlash choralarini ko‘rish kerakligi bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari Qashqadaryo viloyatidagi ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalaridagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari hamda hozirgi holatni o‘rganishni davom ettiradi.

 

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz