1-avgustdan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

2021-yil 1-avgustdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

Mahalliy eksportchilarga xorijdan mahsulot olib, import qilmasdan uchinchi davlatga to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga ruxsat beriladi

Hukumat qaroriga asosan xorijiy xomashyo va materiallarni bojxonada rasmiylashtirish talablarini soddalashtirish maqsadida 2021 yil 1 avgustdan boshlab:

  • bojxona rejimi talabida xorijiy buyurtmachi mavjud bo‘lmagan hollarda ham qayta ishlash operatsiyalariga ruxsat beriladi;
  • tadbirkorlik sub'yektiga chetdan xomashyo sotib olib, ularni respublika hududida bojxona to‘lovlari to‘lamagan holda qayta ishlagandan so‘ng istalgan xorijiy hamkoriga sotish imkonini beradigan olib chiqish, olib kirish, sotish va sotib olish bo‘yicha yangi turdagi tashqi savdo kontraktlari amaliyotga kiritiladi;
  • mahalliy eksport qiluvchilarga xorijiy davlatdan mahsulot sotib olib, import qilmasdan uchinchi davlatga to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga ruxsat beriladi.

Yer uchastkalarini xususiy sektorga mulk huquqi bilan berish tartibi kuchga kiradi

Prezident farmoniga asosan 2021-yil 1-avgustdan boshlab yer uchastkalari xususiy sektorga — mulk va ijara huquqi asosida, davlat tashkilotlariga — doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.

Hokimlar va mahalliy kengashlarning yer uchastkalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilish, sug‘oriladigan yerlarni sug‘orilmaydigan yoki boshqa yer toifasiga, sug‘orilmaydigan qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa yer toifasiga o‘tkazish va ular yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi bekor qilinadi.

Shuningdek, farmonga asosan Vazirlar Mahkamasi istisno tariqasida, faqat quyidagi hollarda yer uchastkalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga berishga haqli bo‘ladi:

  • qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy tadqiqot va tajriba sinovlar amalga oshirish uchun davlat ilmiy-tadqiqot va ta'lim muassasalariga — Qishloq xo‘jaligi vazirligining taklifiga asosan;
  • agrosanoat klasterlariga — yer uchastkasi normativ qiymatining ikki baravari miqdoridagi pul mablag‘i depozitga qo‘yilganda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimining taklifiga asosan;
  • eng yaxshi taklifni tanlash orqali aniqlanadigan, qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida (yer maydoni hajmiga ko‘ra ortib boradi) bo‘lgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun — loyiha qiymatining kamida 10 foiziga teng mablag‘ avvaldan maxsus hisobraqamga joylashtirilganda;
  • chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga — ijaraga olish huquqini olganlik uchun bozor qiymatida haq to‘lagan holda.

Davlat boshqaruvi organlarining xizmat avtotransport vositalari ularning rahbarlariga shaxsan biriktiriladi

Hukumat qarori bilan xizmat avtotransport vositalari:

  • respublika davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarida rahbarlar hamda ularning o‘rinbosarlariga;
  • respublika davlat boshqaruvi organlari tizimidagi tashkilotlarda hamda ularning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo‘linmalarida birinchi rahbarlarga shaxsan biriktiriladi.

Shuningdek, respublika davlat boshqaruvi organlarida xizmat maqsadlarida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq autsorsing shartlari asosida avtobus, taksi va boshqa avtotransport vositalari xizmatlaridan foydalanish tizimi joriy etiladi.

Bundan tashqari, 2021-yil 1-avgustdan boshlab yangi tipdagi davlat raqami belgilari bilan qayta ro‘yxatdan o‘tkazilmagan xizmat avtotransport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi.

Hududlardagi nodavlat ta'lim tashkilotlarining binoni ijaraga olish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi

Prezident qaroriga asosan 2024-yil 1-yanvarga qadar nodavlat ta'lim tashkilotlari tomonidan ta'lim jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlar ijara to‘lovi xarajatlarining 50 foizigacha miqdorda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Ushbu tartib Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan va ta'lim jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlarga tatbiq qilinmaydi.

Davlat xaridlari sohasida o‘tkaziladigan tender natijalarini majburiy tarzda ochiq e'lon qilish yo‘lga qo‘yiladi

Prezident qarori bilan shaffoflik va qonuniylikni ta'minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida davlat xaridlari sohasida o‘tkazilayotgan tender (tanlash) natijalarini majburiy tarzda ochiq e'lon qilish amaliyoti joriy etiladi.

Chiqish turizmi bo‘yicha ayrim litsenziya talablari joriy etiladi

Hukumat qaroriga ko‘ra, chiqish turizmi yo‘nalishi bo‘yicha turoperator va turagent faoliyatini amalga oshirish uchun quyidagi litsenziya talablari joriy etiladi:

  • turoperatorlarning fuqarolik javobgarligini sug‘urtalashni tasdiqlovchi sug‘urta polisining mavjudligi;
  • 15 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzurida Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;
  • Barcha davlat bojlari, yig‘imlar, jarimalar va boshqa majburiy to‘lovlarni onlayn rejimda to‘lash imkoniyati taqdim etiladi.

Prezident farmoniga asosan elektron hukumatni rivojlantirish doirasida jismoniy va yuridik shaxslarga barcha belgilangan davlat bojlari, yig‘imlar, jarimalar va boshqa majburiy to‘lovlarni elektron to‘lov tizimlaridan foydalangan holda onlayn rejimda to‘lash imkoniyati taqdim etiladi.

Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha hujjatlarni YaIDXP orqali ham taqdim etish imkoniyati yaratiladi

Hukumat qaroriga asosan o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish, haydovchilikka nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha tegishli hujjatlarni YaIDXP orqali ham taqdim etish imkoniyati yaratiladi.

Homilador ayollarni kompleks kuzatish bo‘yicha yagona tizim joriy etiladi

Prezident qaroriga ko‘ra, homilador ayollarni kompleks kuzatish bo‘yicha yagona tizim joriy etilib, unda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • homilador ayolning kompleks kuzatuvi yagona ma'lumotlar bazasini yaratish;
  • perinatal va skrining markazlari hamda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridagi onalar va bolalar salomatligiga mas'ul tuzilmalar tomonidan yagona ma'lumotlar bazasiga zarur ma'lumotlarni kiritish, shuningdek, homilador ayollarning tibbiy kartasini yuritish;
  • shakllangan ma'lumotlarga asosan homilador ayollarga zarur maslahatlarni berish.

Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi joriy etiladi

Prezident qarori bilan Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi joriy etiladi. Aholining barcha qatlamlari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish orqali jismoniy qobiliyat va harakat faolligini takomillashtirish hamda zararli odatlar va turli kasalliklarning oldini olish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish tizimning asosiy maqsadlaridan biri etib belgilangan.

Davlat sud-ekspertizasi muassasalarining foydalanilmaydigan binolari sud ekspertlik bilan shug‘ullanadigan xususiy sheriklarga ijaraga beriladi

Prezident farmoniga ko‘ra, davlat sud-ekspertizasi muassasalarining foydalanilmaydigan binolarini (korpuslarini) sud ekspertlik faoliyatini amalga oshirish sharti bilan xususiy sheriklarga ijaraga taqdim etish tizimi joriy etiladi.

 

manba: kun.uz

 

 

www.sgcc.uz