"Majmua tsexlari va mehnat jamoalari faoliyati" ruknidan: Polietilen ishlab chiqarish tsexi faoliyati haqida.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJda xalqaro va milliy talablarga javob beradigan, yuqori sifatli polietilen (PE) granulalari assortimentini kengaytirish va ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘zlashtirish, ishchi-xodimlarning salomatligini va xavfsiz ishlashini ta’minlash, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, energiya resurslaridan va kimyoviy reagentlardan oqilona hamda tejamkorlik bilan foydalanish borasida keng salmoqli va natijador ishlar olib borilgan.

Polietilen (PE) ishlab chiqarish tsexi Polimerlanish reaktsiyasi asosida turli markali chiziqli polietilen olish uchun mo‘ljallangan. Ushbu jarayon yillik ishlash vaqti 8000 soat bo‘lib, ushbu vaqt davomida 125 ming tonna polietilen ishlab chiqarishga mo‘ljallab loyihalangan.

Jarayon Sclairtech (Kanada) texnologiyasi asosida amalga oshirilib, ushbu texnologiya bo‘yicha reaktsiyani amalga oshirish uchun reaktorga etilen monomerini buten-1 somonomeri bilan tsiklogeksandagi eritmasi aralashmasi va katalizatorlar ishtirokida polimerizatsiya jarayonida polietilenga aylantiriladi.

Polietilen ishlab chiqarish tsexi to‘rtta asosiy qurilmadan iborat:

1. Reaktsiya va retsikl qurilmasi.
2. Yakuniy ishlov berish qurilmasi.
3. Buten-1 ishlab chiqarish qurilmasi.
4. Qadoqlash va plyonka ishlab chiqarish qurilmalaridan iborat.

Majmua ishga tushirilgan kundan hozirgi vaqtga qadar o‘ziga yo‘klatilgan reja topshiriqlarni ortig‘i bilan bajarib kelmoqda. Ushbu ko‘rsatgichlarga majmuaning, qolversa, PE ishlab chiqarish tsexning xar bir ishchi-xodimlarining munosib hissalari qo‘shilgan.

Polietilen ishlab chiqarish tsexining katta tajribaga ega xodimlari mehnat faoliyati davomida majmuaning modernizatsiya qilish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini nazorat qilish hamda zavodning texnik va texnologik yangilash ishlariga muntazam jalb etib kelinmoqda.

Tsexning faol xodimlarining ratsionalizatorlik takliflari asosida polietilen ishlab chiqarish tsexida qo‘shimcha uskunalar o‘rnatilib, natijada qurilmalarni to‘xtovsiz ishlashi ta’minlanib kelinmoqda.

Korxonada joriy etilgan Integratsiyalashgan boshqaruv tizimi (ISO 9001:2015, ISO 14001:2015, ISO 50001:2011, ISO 45001:2018 ) talablari asosida ish olib boriladi.

Ishlab chiqarishda energetika resurslari, xom-ashyo va materiallardan iqtisodiy va samarali foydalanish ta’minlab kelinmoqda.

Ushbu tsexning tajribali xodimlari tomonidan har yili korxonada amaliyot o‘tayotgan oliy o‘quv yurtlari talabalariga soha sirlarini o‘rgatilib, mehnat muhofazasi bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Xaridorlarning talab va istaklariga binoan F-Y957, F-Y920, P-Y242 markali yangi turdagi polietilen granulasi ishlab chiqarildi va natijada majmuaning eksport mahsuloti ishlab chiqarish samaradorligi yanada o‘sishiga erishildi.