O‘zbekiston Respublikasi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan tayyor neft va gaz kimyo mahsulotlari hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish hamda respublikaning eksport salohiyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 20-iyundagi PQ–2551-son va 2017-yil 11-avgustdagi PQ–2965-son qarorlariga muvofiq, “Sho‘rtan gaz kimyo kompleksining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish” investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Respublikamizga 2018 va 2019-yillarda importdan kirgan polimerlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalari tomonidan yiliga 490 ming tonna polietilen va 90 ming tonna polipropilen ishlab chiqarilishiga qaramasdan, turli hil ko‘rinishda polietilen hamda polipropilen granulasi va undan olinadigan buyumlar ko‘rinishida 97,3 mln doll (81 ming tonna) polietilen va 75,9 mln dollar (50 ming tonna) polipropilen Rossiya, Eron, Qozog‘iston, Turkmaniston davlatlaridan import qilingan. O‘tgan yilga nisbatan import qilingan polietilen hajmi sal kam 200 foizga va polipropilen hajmi 130 foizga mos ravishda ortgan.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotning kundan kun rivojlanishi natijasida polimerlarga bo‘lgan talab keskin ortgan va “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar yuqorida aytib o‘tilgan ehtiyojlarni qondirishga va eksport salohiyatni oshirishga qaratilgan bo‘lib, tabiiy gazdan yuqori qiymatli mahsulotlarni olishni nazarda tutadi.

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish loyihasi 2021-yilda ishga tushishi kutilayotgan “Uzbekneftegaz GTL” zavodida ishlab chiqariladigan yillik 430 ming tonna sintetik naftani chuqur qayta ishlash orqali import qilinayotgan polietilen hamda polipropilen polimerlarini ishlab chiqarish imkoni beradi.

Loyihani ishga tushirish orqali qiymati 173.2 mln AQSH dollar bo‘lgan import o‘rnini bosuvchi va ichki bozor talabini qondiruvchi 280 ming tonna truba, plyenka, puflangan, quyma polietilen markalarini hamda 100 ming tonna gomo, quyma, trubalar uchun polipropilenning yangi markalarini mahalliylashtirish, yillik 550 mln dollar qiymatidagi mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, 800 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

Loyiha rivojlangan davlatlarning nufuzli kompaniyalari – AQSHning “Chevron Phillips Chemical” va “Chicago Bridge&Iron Company” litsenzion texnologiyalari hamda Singapurning “Enter Engineering Pte. Ltd.” kompaniyasi bilan “EPC” shartnomasi asosida amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda “EPC” pudratchisi tomonidan batafsil loyihalashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Loyihani amalga oshirishda jami 600 dan ortiq yuqori malakali mutaxassislar ishtirok etmoqda.

Respublikamizda gaz kimyo sohasini rivojlantirish, mahalliy xomashyolar asosida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqaligina mamlakatimizning polimerlar xomashyosiga bo‘lgan mustaqilligini ta’minlash bilan bir qatorda, sohaga bog‘liq kichik va yirik tadbirkorlik sub’yektlarini kelajakda barqaror ishlashiga, rivojlanishiga mastahkam zamin yaratadi va shu turdagi mahsulotlar eksport hajmini bir necha barobarga oshiradi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz