“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari tomonidan Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida amalga oshirilayotgan qiymati 49 million dollarlik “Mavjud propan-butan aralashmasi olish qurilmalari 1-, 2 va 5-navbatlarini modernizatsiya qilish” investitsiya loyihasi holati o‘rganildi.

Shu sababli Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari o‘tgan davr mobaynida qilingan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning bartaraf etilganligi holatini o‘rgandi. Boshqaruv raisi joriy yilning 26 iyun kuni Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘lib, loyiha doirasidagi amalga oshirilayotgan ishlar 20 foizgagina bajarilganini keskin tanqid qilgan hamda qurilish-montaj ishlarining sababsiz kechikayotganligi bois Bosh pudratchi – “Muborakneftgazmontaj” MChJ rahbariga qattiq ogohlantirish bergan edi.

“Mavjud propan-butan aralashmasi olish qurilmalari 1-, 2 va 5-navbatlarini modernizatsiya qilish” loyihasi tarkibida qurilayotgan yangi GPA №10 gaz kompressor agregati, kirish filtrseparatorlar blogi va gazni havo bilan sovutish uskunalari 4-, 5 va 6-navbatlarida bugungi kunda olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari bilan batafsil tanishib chiqildi.

Loyihani amalga oshirish uchun Ukrainaning “Sumskoe NPO”, Rossiyaning “KMPO”, “NIPI NG PETON”, “Elektrostandart-pribor”, Shveytsariyaning “Endress+Hauser” va boshqa chet el zavodlaridan olib kelingan uskunalar holati, ular bilan hamkorlikda qilinayotgan ishlar muhokama qilindi.

Uskuna va jihozlarning qariyb 80% hozirda olib kelingan bo‘lib, qurilish-montaj ishlari deyarli tugallanmoqda. Investitsion loyihani sifatli va mukammal tarzda amal oshirish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda.

Boshqaruv raisi rejadagi tadbirlarni texnika xavfsizligi va karantin qoidalariga rioya etgan holda zamonaviy qurilish me’yorlari asosida amalga oshirish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

Mas’ul rahbarlarga yana bir bor, karantin cheklovlari bekor qilinmagani, balki yumshatilganini yodda tutish lozimligi, unga qat’iy amal qilgan holda loyiha doirasidagi ishlarni joriy yilning oktbyar oyiga qadar yakunlash bo‘yicha topshiriq va vazifalar berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisiga Kapital qurilish va ta’mirlash departamenti boshlig‘i, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi direktori, “Muborakneftgazmontaj” AJ rahbari tomonidan zarur jihoz va materiallarni tayyorlanishi bo‘yicha xorijdagi ishlab chiqaruvchilar bilan doimiy videomuloqotlar olib borilayotgani, ishlab chiqaruvchilar tomonidan tovarlarni tayyorlash va yetkazish muddatlarini qisqartirish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilayotganligi to‘g‘risida axborot berildi.

Boshqaruv raisi loyihani o‘z vaqtida ishga tushirish maqsadida tuzilgan maxsus “Ishchi guruh” tarkibidagi mutaxassislar va ishchi-xodimlar bilan suhbat olib borib, karantin davrida yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdi.

Ular bilan yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish, murakkab sharoitda ishlayotgan ishchi-xodimlarga barcha qulayliklarni yaratish hamda o‘z ish faoliyati bilan boshqalarga o‘rnak bo‘layotganlarni rag‘batlantirish lozimligi ta’kidlandi.

O‘rganishlar so‘ngida, pudratchi tashkilot (“Muborakneftgazmontaj” AJ) mas’ullari garchi tanqidlardan to‘g‘ri xulosa chiqarayotgan bo‘lsa-da, lekin qurilish maydonida ishchilar sonining yetarli emasligi hamda zarur barcha texnika resurslarining jalb etilmaganiga be’etibor bo‘layotgani, bajarilgan ayrim ishlarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Loyiha mavjud propan-butan aralashmasini olish qurilmalarida yiliga qo‘shimcha 61,0 ming tonnagacha propan-butan aralashmasi ishlab chiqarishga va buning asosida ichki bozorda ushbu mahsulotga oshib borayotgan talabni qondirishga qaratilgan.

 

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz