Shoʼrtan gaz kimyo majmuasida “Oʼzbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” АJ mutaxassislari tomonidan strategik ahamiyatga ega korxona xodimlari va mutaxassislarini “Davlat xaridlari toʼgʼrisida”gi Qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi bilan bogʼliq oʼzgarishlar va yangiliklar bilan tanishtirish maqsadida seminar-trening tashkil etildi.

Seminarda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi “Yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 5031-son qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, davlat xaridlari sohasidagi islohotlarga bagʼishlangan taqdimot namoyish etildi.

Taʼkidlash joizki, 2021-yil 22-aprelda yangi tahrirda qabul qilingan “Davlat xaridlari toʼgʼrisida”gi Qonun davlat xaridlari tizimining ochiqligini yanada kengroq taʼminlabgina qolmay, sohada zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida inson omili aralashuvi yanada qisqartiradi.

Seminar davomida yangi tahrirdagi Qonunga muvofiq kiritilgan yangiliklar, shu jumladan, benefitsiar mulkdor, davlat xaridlarining subʼektlari, zahiradagi gʼolib, eng yaxshi takliflarni tanlash kabi yangi tushunchalarga hamda qonunchilikda xaridlarni amalga oshirishda belgilangan meʼzonlarga alohida toʼxtalib oʼtildi.

“Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi” MChJ vakillari oʼzlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan birga davlat xaridlari tizimiga oʼzgartirish va yangiliklar kiritish boʼyicha takliflar bildirdilar. Barcha fikr-mulohazalar va takliflar inobatga olinib, bu sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.

"Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz