O‘zbekistonda so‘nggi haftalarda epidemiologik vaziyat yaxshilana boshladi, 21 apreldan boshlab kunlik kasallanishlar soni tuzalganlar sonidan kam bo‘ldi.

29 aprel va 5 may kunlari Shavkat Mirziyoev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarib borishi bilan karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish zarurligi ta’kidlandi.

Shu tariqa, O‘zbekistonda karantin bo‘yicha yangi tizim joriy etiladigan bo‘ldi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda karantin choralari yumshatiladigan hududlarni belgilash aniq mezonlar asosida baholanib, tumanlar va shaharlar "qizil" (yuqori xavfli), "sariq" (o‘rta xavfli) va "yashil" (xavfsiz) hududlarga ajratildi.

Respublika maxsus komissiyasining 6 maydagi yig‘ilishi bayoniga muvofiq, koronavirus tarqalishi holatining hududlar kesimidagi tahlilidan kelib chiqib, 8 maydan viloyatlar uchta toifaga ajratildi.

7 may kuni prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarni toifaga ajratishni tuman va shaharlar darajasida belgilash ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan, Respublika maxsus komissiyasining 8 maydagi yig‘ilishi bayoniga muvofiq, O‘zbekistonda koronavirus infektsiyasi tarqalish holatining hududlar kesimidagi tahlili, kasallik aniqlangan bemorlarning davolanish (sog‘ayish) dinamikasi holatidan kelib chiqqan holda mamlakat hududlari 11 maydan e’tiboran tuman va shaharlar darajasida toifalarga ajratiladi.

Bunda:

  • "sariq" va "qizil" toifadagi viloyatlarda koronavirus infektsiyasi umuman aniqlanmagan tumanlar (shaharlar) «yashil» toifaga kiritiladi;
  • "yashil" yoki "sariq" toifadagi viloyatning biror-bir tumanida (shahrida) koronavirus infektsiyasi aniqlanadigan bo‘lsa, butun viloyatning toifasini o‘zgartirmagan holda tegishli tumanning (shaharning) o‘zi «qizil» toifaga o‘tkaziladi.


Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infektsiyasining tarqalish holatining har bir tuman (shahar) kesimidagi tahlili, kasallik aniqlangan bemorlarning davolanish (sog‘ayish) dinamikasi holatidan kelib chiqqan holda, tuman (shahar)larning toifasini o‘zgartirish yuzasidan doimiy ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga taklif kiritib boradi.

Tuman va shaharlarda ularning toifasidan kelib chiqqan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri uchun amalga oshirilishi nazarda tutilgan faoliyat turlariga ruxsat beriladi.

"Yashil", "qizil" va "sariq" hududlar: Tumanlar va shaharlar bo‘yicha ro‘yxat

Muayyan tuman (shahar) "qizil" toifaga o‘tkazilganda, tegishli hudud (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar) toifasidan qat’i nazar ushbu tuman (shahar)da "qizil" toifa uchun nazarda tutilgan barcha karantin cheklovlari to‘liq joriy etiladi.

"Yashil" va "sariq" toifadagi hududlarda savdo majmualari faoliyatiga ijtimoiy masofani saqlagan holda ruxsat beriladi, bunda ushbu majmualarning attraktsion, ko‘ngilochar, ovqatlanish bo‘linmalari, kinoteatr va o‘yin maydonchalari faoliyatiga ruxsat berilmaydi.

Yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchi tashishga hamda sartaroshxona (go‘zallik salonlari) faoliyat yuritishiga faqatgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida "yashil" va "sariq" toifadagi hududlardagina ruxsat beriladi.

Agarda muayyan hudud "qizil" toifaga kirib, uning tarkibidagi tuman (shahar)lar "sariq" va "yashil" toifalarga kirgan taqdirda, ushbu tuman (shaharlar)da yo‘nalishsiz taksilarga yo‘lovchi tashishga hamda sartaroshxona (go‘zallik salonlari) faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tuman (shahar)larni tegishli toifalarga ajratgan holda bosqichma-bosqich bekor qilishda quyidagi talablar saqlab qolinadi:

  • ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlash, 3 kishidan ortiq yig‘ilmaslik, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalardan foydalanishi;
  • ta’lim tashkilotlari (bog‘cha, maktab, litsey, kollej, texnikum, institut, universitet va boshqalar), o‘quv kurslari faoliyatini yo‘lga qo‘ymaslik;
  • ko‘ngilochar ob’ektlar – tungi klublar, diskoteka, restoran, kafe, oshxona, choyxona, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompьyuter o‘yinlari markazlari faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • barcha turdagi ommaviy tadbirlar – kontsert, teatr, kinoteatr, muzey, sport tadbirlari, oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni (dafn marosimlari 10-15 kishidan ko‘p bo‘lmagan hollar bundan mustasno) o‘tkazmaslik;
  • jamoat transporti harakatiga ruxsat bermaslik;
  • dehqon bozorlari va oziq-ovqat savdo nuqtalari (supermarket va boshqa yirik do‘konlar) kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash hamda har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan holatda, ushbu majmualarga kiritmaslik choralarini ko‘rish;
  • barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan ta’minlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlagan holda faoliyat yuritishini ta’minlash uchun birinchi rahbarlar shaxsan mas’ulligi?
  • qurilish-ta’mirlash ishlarida ob’ektlarning hududi to‘liq karantinga olinishi va hududiy sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari bilan birgalikda ob’ektlarda sanitariya-gigiena tadbirlarining amalga oshirilib borilishi. Bunda, ushbu tashkilotlarning faoliyat olib borish davrida sanitariya va gigiena qoidalariga to‘liq rioya qilishi, o‘z faoliyatini faqatgina tegishli ob’ekt hududi doirasida tashkil etishi.

"Qizil" toifaga kiruvchi hududlarda karantin cheklovlari talablarini bajarmaslik, shuningdek "yashil" va "sariq" toifaga kiruvchi hududlarda ruxsat berilgan faoliyat turlarini o‘rnatilgan maxsus talablarga rioya etmagan holda amalga oshirish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Xulosa shuki, ayrim hududlar uchun qat’iy karantin choralari tugadi, ayrim hududlar uchun qat’iy karantin choralari amal qilishi davom etadi.

Ma`lumotlar "kun.uz" rasmiy saytidan olindi

 

 

www.sgcc.uz