Joriy yilning 12 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonov MAGATE Bosh direktori o‘rinbosari va Kafolatlar departamenti rahbari Massimo Aparo boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazdi. 

Tomonlar O‘zbekiston va Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

2019 yil avgust oyida O‘zbekistonda MAGATE bilan hamkorlikning 25-yilligi keng nishonlandi. Mazkur hamkorlik 2018 yilda O‘zbekistonda atom energiyasidan foydalanish va Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (“O‘zatom”) tashkil etilganidan buyon yangi bosqichga ko‘tarildi.

Janob Aparo xavfsizlik masalalari bo‘yicha MAGATE va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro samarali aloqalar mavjudligini va yadroviy dasturni ishlab chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilinishini hisobga olgan holda, mamlakatning majburiyatlari yanada oshishini ta’kidladi va buning uchun seminarlar tashkil etish va kadrlar tayyorlash orqali to‘liq hamkorlikka tayyorligini bildirdi. MAGATE va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlikni kengaytirish zarurligi alohida qayd etildi.

 

MAGATE delegatsiyasi O‘zbekistonning yadro texnologiyalarini rivojlantirish borasidagi siyosatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligiga ishonch bildirib, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va qadamlarni alohida ta’kidladi. 

«Biz MAGATE bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik munosabatlarini yuksak qadrlaymiz va uni kelgusida yanada kengaytirish niyatidamiz», - deya ta’kidladi uchrashuv chog‘ida A.Sultonov.  

Shuningdek, O‘zbekiston mamlakatda yadro energiyasi bo‘yicha milliy dasturni ishga tushirish bilan barcha xalqaro majburiyatlarni bajarishga intilayotgani qayd etildi.  

Xususan, mamlakatimizda ilk atom elektrostantsiyasi qurilish loixasi doirasida MAGATE bilan mazkur loyiha uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasida yaqin hamorlik yo‘lga qo‘yildi.

Loyihaga aloqador “O‘zatom” agentligi, vazirlik va idoralar xodimlari MAGATE tomonidan Vena shahridagi shtab-kvartirada, shuningdek AQSh, Rossiya, Ruminiya, Chexiyada va boshka mamlakatlarda tashkil etilgan o‘quv seminarlari va treninglarda ishtirok etdi. Seminarlar va treninglar AES qurilishi uchun joy tanlash va uni qurish, yadro sohasiga doir qonunchilikni rivojlantirish, obyektlarni fizik jihatdan himoya qilishni taminlash, kadrlar tayyorlash va boshqa qator yo‘nalishlar bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlandi.

 

 

MAGATE bilan texnik kooperatsiyada 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan kadrlar salohiyatini oshirish va qurilishi rejalashtirilayotgan atom elektrostantsiyasi uchun yadro infratuzilmasini yaratish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi.  

Qayd etish joizki, Toshkentga tashrif asnosida MAGATE delegatsiyasi shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida bo‘ldi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor G‘ulomov bilan muzokaralar o‘tkazilib, yadro materiallari kafolatlari masalalari muhokama qilindi.

 


O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz