Majmuada “Yoshlar markazi”, “Test markazi” va yangi “O‘quv markazi” o‘z faoliyatini boshladi

Majmuada yetuk va salohiyatli mutaxassislar tayyorlash hamda ichki va tashqi zaxirani shakllantirish tizimi doirasida “Yoshlar markazi”, “Test markazi” va yangi “O‘quv markazi” o‘z faoliyatini boshladi

Har bir sohada istiqbolli yetuk kadrlar tayyorlash va ularning zaxirasini shakllantirsh bugungi davr talabidir!

"2021-yil ─ Yoshlarni qo‘llab - quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" munosabati bilan majmuada "Rahbar va yoshlar" o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi.

Uchrashuvda majmua Bosh direktori tomonidan majmuaning faol yoshlari va ishchi-xodimlari reja asosida chet tillarini ishdan ajralmagan holda o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishlari, buning uchun xodimlarga majmuada barcha sharoitlar yaratilishi, "Ustoz-shogird" an’analari amalga oshirilishi, IT va loyihalash dasturlarini o‘rgatish va bu borada o‘z salohiyatlarini muntazam oshirib borishlari uchun o‘quv kurslari tashkil etilishi, turdosh korxonalarga tajriba almashib borishlari, san’atga qiziquvchi yoshlarga ijodlarini namoyish etishlariga shart-sharoitlar yaratilishi, shuningdek, majmuada kadrlar zaxirasini shakllantirish va ularni har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun majmuaning o‘zida o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari olib borilishi haqida ma’lum qilingan edi. 

Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni kelajakda yetuk va salohiyatli kadrlar bo‘lib yetishishiga ko‘maklashish, majmuada kadrlar zaxirasini shakllantirish tizimini takomillashtirish va yanada rivojlantirish maqsadida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining markaziy ma’muriy binosida barcha qulayliklarga ega bo‘lgan, zamonaviy “Yoshlar markazi”, “Test markazi” hamda yangi “O‘quv markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bunda majmua yoshlari va ishchi-xodimlari reja asosida chet tillarini ishdan ajralmagan holda o‘zlashtirish va xalqaro miqyosdagi IELTS hamda TOEFL sertifikatlariga ega bo‘lishlari, IT va loyihalash dasturlarini o‘rganish bilan bir qatorda, o‘z bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirib borishlari mumkin.

Ayni vaqtda majmua ishchi-xodimlariga "SMART" o‘quv markazi Menejeri hamda katta o‘qituvchisi Anvar Maxsumov tomonidan reja asosida o‘quv darslari o‘tilmoqda.

Anvar Maxsumov haqida qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak:

Ma’lumoti oliy: "University of Debrecen" (Debretsen shahri, Vengriya davlati) oliy o‘quv yurtining Biznes boshqaruvi va Menejment yo‘nalishini tamomlagan. 

2015-yilan 2017-yilga qadar Irlandiya davlatining Ryanair havo yo‘llari kompaniyasida Costumer Service Agent (mijozlarga xizmat ko‘rsatish xodimi) sifatida;  

2017-yilan 2018-yilga qadar Dental Care Ltd (in Hungary) kompaniyasida tarjimon;  

2018-yildan hozirgi vaqtga qadar Qarshi shahridagi "SMART" o‘quv markazi Menejeri hamda katta o‘qituvchisi sifatida faoliyat olib bormoqda.  

To‘rtta chet tili (ingliz, venger, turk va rus tillari)da ravon so‘zlasha oladi.

Chet tillarini bilish darajasi bo‘yicha bir qator xalqaro miqyosdagi sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.

Jumladan, TOEFL IBT 107, IELTS 7,5 ball va Venger tilini bilish darajasi bo‘yicha ham sertifikati mavjud. 

Dunyoning bir qator davlatlarida, jumladan, Rossiya, Qozog‘iston, Hindiston, Vengriya, Gollandiya, Gretsiya, Ispaniya va boshqa davlatlarida o‘z tajribasi va malakasini oshirgan. 

Ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha 9 yillik tajribaga ega va shu vaqt mobaynida 400 nafardan ortiq o‘quvchilari xalqaro miqyosdagi sertifikatlarni (IELTS va TOEFL) qo‘lga kiritishgan. Hozirda o‘quvchilari Westminster, INHA, Singapure, International Cambridge College hamda Kipr respublikasidagi Universitetlarda tahsil olishadi.

Shuningdek, zamonaviy test markazida majmuada olib borilayotgan kadrlar siyosati doirasida innovatsion usullar yordamida majmuaning ichki va tashqi kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularning bilim va salohiyatini baholash imkoniyati yaratildi.

Ushbu test markazi orqali test sinovlarining shaffofligi, qisqa vaqt oralig‘ida ko‘p sonli xodimlarning imtihon topshira olish imkoniyati, kutib qolish holatlariga barham berilganligi, shuningdek, ishga qabul qilish, boshqa ishga o‘tish, daraja oshirish, zaxiraga kiritish uchun imtihon topshirish ishlari, test sinovlarni tizimli amalga oshirish, barcha sohalar bo‘yicha test savollari bazasining mavjudligi va xodimlar bilimiga qo‘yiladigan baholarning haqqoniyligi ta’minlanadi.

Tashkil etilgan yangi o‘quv va test markazlari asosida malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, ularning kasbiy tayyorgarligini tubdan takomillashtirish, yangicha hamda mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor hamda ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan kadrlar zaxirasini yaratish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, zamonaviy ta’lim dasturlari va shakllarini ishlab chiqish va joriy etish, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogika va axborot texnologiyalarini hamda fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini qo‘llagan holda yuqori malakali va zamonaviy fikrlovchi kadrlarni xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq tayyorlash rejalashtirilgan.

Shuning bilan birga, tashkil etilgan Yoshlar markazida Majmua yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti hamda uning qoshida tashkil etilgan yoshlar klublari faoliyat olib borishadi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmusi" MCHJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz