Kadrlar tayyorlashda “Ustoz-shogird” an’anasidan foydalanilmoqda

Bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi boshqarma va korxonalarda faoliyat olib borayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni neft va gaz sohasiga bo‘lgan qiziqishlarini mustahkamlash, kelajakda yetuk kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaev tomonidan yoshlarga turli rag‘batlantiruvchi imtiyozlar yaratib berilmoqda.

Milliy qadriyat va an’analarimizdan biri bo‘lgan "Ustoz-shogird" an’anasi ham har tomonlama yetuk va salohiyatli kadrlarni shakllantirishda o‘ziga xos tarbiyaviy ahamiyatga ega. Bu borada ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan ustozlarning o‘rni beqiyosdir.

Bugungi kunda Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida yosh kadrlarni sohaga to‘g‘ri yo‘naltirish maqsadida “Ustoz-shogird” an’anasi yo‘lga qo‘yilgan. Majmuadagi har bir yosh kadrga o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan malakali xodimlar biriktirilgan bo‘lib, ular yoshlarga kasb sir-asrorlarini o‘rgatib kelishmoqda.

Ayni paytda majmuadagi Polietilen ishlab chiqarish sexida ham “Ustoz-shogird" an’analari asosida kadrlar zaxirasi yaratilmoqda.

Jumladan, mazkur sexning ishlab chiqarish jarayonlaridagi qurilmalarida mehnat qilib kelayotgan 16 nafar yoshlarga ikki oy davomida malakali mutaxassislar tomonidan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Mashg‘ulotlar yakunida yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini aniqlash maqsadida sinov imtihonlari o‘tkazildi. Ishtirokchi yoshlar orasidan yuqori natijalarni ko‘rsatgan 5 nafariga “Faxriy yorliq” hamda esdalik sovg‘alari topshirildi hamda malakali smena muhandislariga biriktirildi.

Milliy qadriyat va an’analarimizdan biri bo‘lgan “Ustoz-shogird” an’anasi asosida majmuaning barcha asosiy sexlarida malakali kadrlar tayyorlash ishlarini yo‘lga qo‘yish davom ettirilmoqda.

“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz