Energetika vazirligi va "Vneshekonombank" (Rossiya) istiqbolli loyihalarni muhokama qildi

Rossiya Federatsiyasining Igor Shuvalov – “VEB.RF” Rossiya davlat taraqqiyot korporatsiyasi raisi boshchiligidagi delegatsiyasining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida joriy yilning 17 sentyabr kuni Energetika vaziri Alisher Sultanov bilan ikki tomonlama muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

– Rossiyaning “Vneshekonombank”i energetika sohasidagi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda o‘zbek kompaniyalarining muhim hamkori sifatida yaxshi tanilgan, – dedi A.Sultanov. – Xususan, gidroenergetika sohasida hozirgi paytda Rossiyaning “Vneshekonombank”i bilan hamkorlikda umumiy qiymati 297,5 mln. yevro bo‘lgan 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan “VEB.RF”ning ulushi 146,5 mln. yevroni tashkil etadi. Ushbu loyihalar orasida – “To‘polong GESni modernizatsiya qilish”, “Quyi Chotqol GES qurilishi”, “Farhod GES modernizatsiyasi” UKni modernizatsiya qilish” va boshqa loyihalar mavjud.


Shuningdek, “Vneshekonombank”ning 129,0 mln. doll. krediti ko‘magida “Silovie mashini” OAJ (Rossiya) tomonidan “kaliti bilan” topshirish sharti asosida Sirdaryo IES energobloklarini modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda (loyihaning umumiy qiymati 177,1 mln. doll.).

“VEB.RF” rahbari I.Shuvalov O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikning samaradorligini hamda “Vneshekonombank”ning O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika kompleksi sohasidagi ishbilarmonlik sherikligini yanada rivojlantirishning ahamiyatini ta’kidladi.


Muzokaralar davomida tomonlar yoqilg‘i-energetika kompleksining turli yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni muhokama qildilar, shuningdek, neft-gaz kimyosi sohasidagi istiqbolli loyihalarni taqdim etdilar.

Gidroenergetika sohasida mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati 78,4 mln. yevroga teng yangi sohalar shular jumlasidan. Ayni paytda Chirchiq, Qodiriya, O‘rta Chirchiq va Toshkent gidroelektr stantsiyalari kaskadini modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, “Uglevodorod xomashyosini qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha dastur”ni amalga oshirish uchun moliyalashni jalb qilish muhokama qilindi. Loyihaning buyurtmachilari – “O‘zbekneftgaz” AJ va SP OOO “Natural Gas-Stream” MChJ QK hisoblanadi.

Hamkorlikning yana bir istiqbolli yo‘nalishi – “O‘zbekiston Respublikasida tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini (ASKUG) joriy qilish” loyihasi hisoblanadi.

Muhokama yakunlariga ko‘ra bildirilgan takliflarni ekspertlar darajasida ko‘rib chiqish, shuningdek hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar yuzasidan axborot almashish haqida kelishuvga erishildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Energetika vazirligi Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz