Boshqaruv kadrlarini tayyorlash – biznesda muhim qadam!

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 5 sentyabrdagi PQ-3930 raqamli Qaroriga binoan tashkil etilgan.
Biznes va boshqaruv oliy maktabi mamlakatimizdagi xoʼjalik boshqaruvi organlari, aktsionerlik jamiyatlari va tadbirkorlikning boshqa subʼektlari uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʼyicha yetakchi taʼlim muassasasi hamda “MBA” va “Loyiha boshqaruvi” yoʼnalishi boʼyicha magistrlik darajasini taqdim etuvchi yagona davlat taʼlim muassasasi hisoblanadi.
Mutaxassisliklar boʼyicha magistrlarni Oliy maktab ilgʼor xalqaro tajriba asosida tayyorlab kelmoqda. Bunda magistratura talabalarining oʼquv amaliyoti АQSh, Germaniya, Italiya, Janubiy Koreya, Malayziya va Frantsiya kabi davlatlardagi nufuzli yetakchi oliy taʼlim muassasalarida tashkil etilmoqda.


“Oʼzneftgazqazibchiqarish” АJ va “Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi” MChJ maʼmuriyatining tavsiyasiga koʼra majmua Texnika-texnologiya xizmatining Konstruktorlik guruhi muhandis-konstruktori Umrzoq Boboqulovich Boynazarov mana shu dargohda taʼlim olish baxtiga musharraf boʼlgan xodimlardan biridir. U.Boynazarov Oliy maktabda 2018-2019 oʼquv yilida “Loyiha boshqaruvi” mutaxassisligi boʼyicha tahsil olib, “Loyiha boshqaruvi magistri” darajasini qoʼlga kiritdi.
Shuningdek, oʼqish mobaynida “Oʼzbekneftgaz” АJ va Oliy maktabning qaroriga asosan Koreya Respublikasining “Handong Global” Universiteti bilan imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida 2019 yil 20-26 may kunlari Koreya Respublikasining Seul shahrida malaka oshirish dasturida ishtirok etib qaytdi.
Malaka oshirish jarayoni talabalarga Koreya Respublikasining sugʼurta, bank, ogʼir sanoat, ishlab chiqarish va gaz sanoati tizimi faoliyatini yaqindan oʼrganish imkonini berdi.

Loyiha boshqaruvi nima?

Bu jarayonni boshqarish boʼlib, chegaralangan resurs va vaqtga ega boʼlgan holda belgilangan natija – maqsadga erishish qobiliyatidir. Loyihalar koʼp boʼlsa-chi? Bu holda qaror qabul qilish va loyihalarni amalga oshirish jarayonini nazorat qilish uchun tizimli yondashuv, metodologiya va samarali mexanizm kerak boʼladi. Yiliga oʼnlab, yuzlab loyihalar ishlab chiqiladigan sharoitda har biri belgilangan natijaga toʼliq erishishi uchun loyihalarni puxta boshqarish nihoyatda zarur hisoblanadi. Buning uchun esa – malakali boshqaruv kadrlari kerak boʼladi.