“Baxtiyor bolalar mamlakati”da yoz mavsumining sarhisobi

Joriy yilning 13 sentyabr kuni O'zbekiston kasaba uyushma federatsiyasi Qashqadaryo viloyat birlashmasida 2019 yilgi yozgi sog'lomlashtirish mavsumida yosh avlodni har tomonlama barkamol, jismonan sog'lom bo'lib voyaga yetkazish maqsadida “Baxtiyor bolalar mamlakati” shiori ostida Bolalarni dam oldirish va sog'lomlashtirish bo'yicha Qashqadaryo viloyat muvofiqlashtiruvchi guruhi yig'ilishi o'tkazildi.


Yig'ilish mobaynida joriy yilgi mavsumning o'ziga xos tarzda o'tganligi, jumladan, barcha madaniy-ma'rifiy va sport dasturlari Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusga hamohang tarzda o'tkazilganligi, to'garaklar mashg'ulotlari o'g'il-qizlarni vatanparvarlik, milliy g'urur ruhida barkamol insonlar qilib tarbiyalash, ularning kitobxonlikka, chet tillarni o'rganish va sportga bo'lgan qiziqishlarini oshirishga yo'naltirilganligi, bu borada orttirilgan tajribadan kelgusi yilgi mavsumni tashkil etishda keng foydalanilishi bildirilib o'tildi.


Tadbirda yozgi dam oldirish va sog'lomlashtirish mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etishda namuna ko'rsatgan korxona, tashkilotlar hamda oromgohlarda faoliyat yuritgan eng faol va tashabbuskor xodimlar rag'batlantirildi. Xususan, “Sho'rtan gaz kimyo majmuasi” MChJga qarashli “Lochin” bolalar dam olish oromgohi “Eng namunali statsionar oromgoh” nominatsiyasi bo'yicha 1-darajali diplom, “Lochin” oromgohida faoliyat yuritgan to'garak rahbari S.Jo'rayev “Eng mohir to'garak rahbari” nominatsiyasi bo'yicha 2-darajali diplom bilan taqdirlandi.

 

 

Shuningdek, “Sho'rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ “Eng g'amxo'r homiy” va “Sho'rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ Kasaba uyushma qo'mitasi “Mavsumni eng yaxshi tashkil etgan kasaba uyushma tashkiloti” nominatsiyalari bo'yicha g'olib bo'lib, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, viloyat Jismoniy tarbiya va sport, Sog'liqni saqlash va Ichki ishlar boshqarmalari tomonidan qimmatbaho sovg'a va diplomlarga sazovor bo'ldi.